Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Fevralda iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 0,6 % ga qimmatladi

Fevralda iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 0,6 % ga qimmatladi

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning fevral oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 % ga oshgan.

Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 107,3 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025 yil fevral — 110,1 %) nisbatan 2,8 foiz bandga pasaydi.

Fevral oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,9 % ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 % ga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,6 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (12,1 %), qovoq (11,7 %), kartoshka (5,0 %), olma (4,1 %), uzum (3,5 %), banan (3,0 %), qo‘y go‘shti (2,6 %), shakar (2,1 %), sabzi (1,8 %), paranda go‘shti (1,4 %), mol go‘shti (suyaksiz go‘shtdan tashqari) (1,6 %), tovuq tuxumi (0,7 %), obinon (0,6 %) va birinchi navli bug‘doy uni (0,5 %) narxlarining oshishi inflyasiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyasiyani pasaytiruvchi omil sifatida bodring (-13,8 %), mandarin (-5,6 %) hamda barcha navdagi guruch va guruch oqshog‘i (-0,9 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari (1,5 %) hamda tomir kengaytiruvchi preparatlar (0,6 %) narxlari o‘sishi shuningdek, AI-92 markali benzin (-0,5 %) narxi pasayishi kuzatildi.

Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida uzoq masofaga qatnaydigan poyezdda yo‘l haqi (14,0 %), maishiy chiqindi uchun haq to‘lash (4,7 %), ichki va xalqaro yo‘lovchi havo transporti (4,4 %), erkaklar va o‘g‘il bolalar uchun sartaroshxonalar xizmatlari (0,9 %), stomatologik profilaktik xizmatlar (1,0 %) va taksida yo‘l haqi (0,9 %) narxlari oshishi asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.

Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 1,2 mlnga yaqin narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring