Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat global oziq-ovqat bozorini ham izdan chiqarishi mumkin
28-fevraldan buyon Yaqin Sharqda yuzaga kelgan harbiy to‘qnashuvlar oddiy mintaqaviy ziddiyat doirasidan chiqib, global iqtisodiyotga ta’sir qilayotgan murakkab jarayonga aylandi. AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan amaliyotiga javoban Tehronning qarshi zarbalari va eng muhimi — Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopishi bu jarayonda hal qiluvchi omilga aylandi.
Ho‘rmuz – shunchaki geografik nuqta emas. U global iqtisodiy tizimning eng muhim «tomiri» hisoblanadi. Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘lovchi ushbu yo‘lak orqali jahon nefti va suyultirilgan gazining katta qismi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan o‘g‘itlar va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari tashiladi. Shu bois, bu yo‘lakdagi har qanday uzilish nafaqat energiya bozori, balki oziq-ovqat ta’minotiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bugungi vaziyatda aynan shu holat yuzaga keldi. Bo‘g‘ozdagi harakatning cheklanishi neft narxlarini qisqa vaqt ichida keskin oshirdi, gaz bozorida noaniqlikni kuchaytirdi va ta’minot zanjirlarini izdan chiqardi. Ammo masalaning eng xavfli tomoni — bu oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq oqibatlardir.
Chunki bo‘hoz orqali faqat energiya resurslari emas, balki o‘g‘itlar ham o‘tadi. Bu esa qishloq xo‘jaligining asosiy «yoqilg‘isi» hisoblanadi. Agar o‘g‘itlar yetkazib berish izdan chiqsa, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hosildorlikka ta’sir qiladi. Ayniqsa, importga to‘liq bog‘liq bo‘lgan Afrika va Osiyo davlatlari uchun bu juda og‘ir zarba bo‘lishi mumkin. Ularda qishloq xo‘jaligi azotli o‘g‘itlarga kuchli bog‘liq bo‘lib, hatto bir mavsumdayoq hosil keskin kamayishi ehtimoli bor.
Bu jarayon yana bir zanjirli reaksiyani keltirib chiqaradi: gaz qimmatlashadi — o‘g‘it narxi oshadi — don yetishtirish xarajatlari ko‘tariladi — natijada oziq-ovqat qimmatlashadi. Ya’ni urushning ta’siri front chizig‘idan ancha uzoqda — bozorlar va oshxonalarda ham sezila boshlaydi.
Mutaxassislar fikricha, bu vaziyatning eng murakkab jihati — Ho‘rmuz bo‘g‘oziga to‘liq alternativa yo‘qligi. Mavjud quruqlik yoki havo yo‘llari hajm va narx jihatidan dengiz tashuvlarini o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli hatto qisman tiklanish ham global tanqislikni bartaraf etmaydi.
Ayni paytda geosiyosiy omillar ham vaziyatni yanada chigallashtirmoqda. Eron bo‘g‘ozni bosim vositasi sifatida saqlab qolmoqchi, AQSh esa uni ochish uchun harbiy variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Biroq bunday ssenariy yanada kengroq urush xavfini oshiradi. Shu bilan birga, hatto harbiy kuzatuv orqali kemalar harakatini tiklash ham amaliy jihatdan juda qiyin — trafik haddan tashqari katta, xavflar esa yuqori.
Shu nuqtada eng muhim savol paydo bo‘ladi: bu holat qancha davom etadi? Agar blokada qisqa muddatli bo‘lsa, bozorlar ma’lum vaqt ichida moslashishi mumkin. Ammo u uzoqqa cho‘zilsa, bu nafaqat iqtisodiy, balki gumanitar inqirozga aylanishi ehtimoli katta.
Chunki oziq-ovqat tanqisligi — bu faqat narx oshishi emas. Bu kambag‘al davlatlarda ochlik, ijtimoiy beqarorlik va yangi migratsiya to‘lqinlarini anglatadi. Demak, Ho‘rmuzdagi bugungi vaziyat Yaqin Sharq doirasi bilan cheklanmaydi — u butun dunyo uchun hal qiluvchi masalaga aylanadi.
Xulosa qilib aytganda, hozirgi urushning eng katta xavfi uning ko‘lamida emas, balki ta’sir doirasida. Energiya, logistika va oziq-ovqat tizimlari o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bugungi dunyoda bitta strategik nuqtadagi uzilish butun global tizimni izdan chiqarishi mumkin. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi, hozirda aynan shunday nuqtaga aylandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter