Qozog‘iston «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilishini tasdiqladi
Isroil prezidenti Isxak Gersog Qozog‘istonga rasmiy tashrif bilan keldi. Astanada uni prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev rasmiy marosim bilan kutib oldi. Uchrashuvda tomonlar ikki davlat delegatsiyalari a’zolarini tanishtirdi, davlat gimnlari yangradi.
Shundan so‘ng, davlat rahbarlari tor doirada muzokaralar o‘tkazdi. To‘qayev Isroil bilan munosabatlar 1992 yildan buyon barqaror rivojlanib kelayotganini ta’kidlab, siyosiy va iqtisodiy sohalarda sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi.
Prezident To‘qayev Qozog‘istonning «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilish qaroriga alohida to‘xtalib, bu qadam Yaqin Sharqdagi barqarorlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kelishuvga rasmiy qo‘shilish marosimi yaqin vaqtlarda aynan Ostonada o‘tkazilishi mumkin.
Isxak Gersog ham, o‘z navbatida Qozog‘istonga tashrifni muhim voqea deb baholab, bu uning otasi – Isroilning sobiq prezidenti Xaim Gersog boshlab bergan diplomatik yo‘lning davomi ekanini ta’kidladi. U ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa yuqori texnologiyalar sohasida katta salohiyatga ega ekanini aytdi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va ikki tomonlama shartnomaviy bazani kengaytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar siyosiy muloqotni muntazam davom ettirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter