Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Kuppa-kunduzi qaroqchilik”. FIFAga ayblov ilgari surildi

“Kuppa-kunduzi qaroqchilik”. FIFAga ayblov ilgari surildi

Dunyo bo‘ylab futbol muxlislari 2026 yilda o‘tadigan jahon chempionati chiptalari qimmatligi sabab FIFAni “misli ko‘rilmagan xiyonat”da ayblamoqda. FIFAdan chipta sotish siyosatini qayta ko‘rib chiqish talab qilinmoqda.

Futbol bo‘yicha global boshqaruv idorasi sanalgan FIFA chiptalarning 8 foizini eng sadoqatli muxlislariga sotishi uchun milliy assotsiatsiyalarga ajratadi. Masalan, Germaniya futbol federatsiyasi chop etgan ro‘yxatga ko‘ra, guruh o‘yinlari uchun chipta narxi 180 dollardan 700 dollarga qadar belgilangan. Final uchrashuvini bevosita stadionda kuzatish imkoniyati esa 4185 dollardan 8680 dollarga qadar baholangan.

Jahon bo‘ylab muxlislarni darg‘azab etayotgan jihat shundaki, ayni paytda e’lon qilingan narxlar FIFAning avvalgi bayonotlaridan farq qiladi. FIFA o‘z vaqtida chiptalar 60 dollar atrofida bo‘lishiga va’da bergan. Yetti yil oldin AQSh nufuzli turnirga mezbonlik uchun ariza berganida esa dastlabki bosqichlarda minglab o‘rinlarni 21 dollardan sotishga harakat qilishini aytgan edi.

Shunga ko‘ra, Football Supporters Europe (FSE) tashkiloti chiptalar narxi bu qadar qimmat belgilanganini tovlamachilik deb atagan.

“Bu – jahon chempionatlari an’analariga misli ko‘rilmagan xiyonat va ushbu tomoshaga muxlislarning hissasini ochiq inkor etishdir”, – deyiladi tashkilot bayonotida.

Futbol federatsiyalari FIFAdan “jahon chempionatlarining an’analari,  universalligi va madaniy ahamiyatiga hurmat” tiklangunga qadar milliy assotsiatsiyalar orqali chipta sotishni to‘xtatib turishni so‘ramoqda.

11 dekabr kuni FIFA chipta savdosining uchinchi bosqichini boshladi. Endilikda muxlislar muayyan o‘yinga chipta uchun ariza topshirishi mumkin.

Arizachilar chipta olishi kafolatlanmagan, chunki chipta egalari tasodifiy tanlov tamoyili asosida aniqlanadi. Qur’a jarayoni 2026 yil 13 yanvar kuni yakunlanadi. Arizasi ma’qullangan nomzodlar fevral oyida elektron pochta orqali bildirgi oladi. Shundan keyin chipta uchun to‘lov qabul qilinadi.

Futbol bo‘yicha 23-jahon chempionati 2026 yilning iyun-iyul oylarida AQSh, Kanada va Meksikada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

FIFA prezidenti Janni Infantino uni tarixdagi eng buyuk jahon chempionati bo‘lishi, mundialni stadionlarda 7 million, televizorda esa 6 milliard kishi tomosha qilishini aytgan edi.

Noyabr oyida AQSh davlat departamenti jahon chempionatiga chipta xarid qilgan muxlislarga viza suhbati uchun navbatda ustuvorlik berilishi, ammo chipta viza olishni kafolatlamasligini ma’lum qilgandi.

Xabaringiz bor, O‘zbekiston terma jamoasi JChning “K” guruhidan o‘rin olgan. Yurtdoshlarimiz guruh o‘yinlarida Portugaliya, Kolumbiya va qit’alararo pley-off g‘olibi (Kongo DR / Yamayka / Yangi Kaledoniya) bilan bellashadi.oga izoh:

FIFA prezidenti Janni Infantino JCh o‘yinlari jadvalini e’lon qilish marosimida. Vashington, 2026 yil 6 dekabr. Foto: AP

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring