Mehmonlar Toshkentdan chiqmay «Yevropa bo‘ylab sayr qildi»
Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida Yevropa Ittifoqi festivali bo‘lib o‘tdi. Yevropa kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbir uchrashuvlar, g‘oyalar almashuvi va madaniyatlar namoyishi uchun ochiq maydonga aylandi.
«Yevropa kuni oddiy, ammo kuchli g‘oyani aks ettiradi: hamkorlik hamisha tinchlik, imkoniyatlar va taraqqiyotga yetaklaydi. Bugun biz Yevropa va O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi umumiy qadriyatlarni nafaqat so‘zlar, balki tajriba orqali ham nishonlaymiz. Ushbu festival Yevropani sizlarga yanada yaqinroq qilishga xizmat qiladi», — dedi Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi elchisi Toyvo Klaar festival ochilishidagi nutqida.
76 yil avval, 1950-yil 9-may kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Rober Shuman birlashgan Yevropa haqidagi qarashlarini bayon etgan edi. Endilikda bu sana tinchlik, hamkorlik va umumiy kelajak sari intilish ramziga aylangan.
Tashkilotchilarga ko‘ra, festival mehmonlari Toshkentdan chiqmay «Yevropa bo‘ylab sayr qilish» imkoniga ega bo‘ldi. YeIga a’zo davlatlar (Germaniya, Gretsiya, Ispaniya, Fransiya, Italiya, Kipr, Polsha, Sloveniya, Slovakiya va Finlyandiya) elchixonalari Yevropa jamoasi ruhida birlashib, o‘z madaniyatini norasmiy va ochiq tarzda, insonlar, hikoyalar va hissiyotlar orqali ulashdi.

Milliy pavilonlar, musiqa, gastronomiya va an’analar — bularning barchasi muloqot, interaktiv faoliyat va uchrashuvlar orqali taqdim etildi.
Festival, shuningdek, imkoniyatlar maydoni bo‘ldi. Gretsiya va Germaniya madaniyat markazlari, Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD), Gyote instituti, Fransuz alyansi va Yevropa Ittifoqining Erasmus+ milliy ofisi taqdimotlari orqali yoshlar stipendiyalar, ta’lim dasturlari, almashinuv va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumot oldilar.
Tashrif buyuruvchilar YeI O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda moliyalashtirayotgan ta’lim va ekologiyadan tortib raqamlashtirish, o‘zaro bog‘liqlik va fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashgacha qaratilgan ko‘plab loyihalar bilan tanishdilar.

Ma’lumot o‘rnida: Yevropa Ittifoqi — ko‘hna qit’aning 27 mamlakatini birlashtirgan iqtisodiy, siyosiy ittifoq. U erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlari kabi qadriyatlariga asoslanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter