Mehnat munosabatlarini isloh qilishga doir qonun loyihasi qabul qilindi
Oliy Majlisda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi. Hujjat mehnat sohasidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish va xodimlar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati sezilarli darajada qisqartirilmoqda. Yangi tartib bo‘yicha fuqaroni ishga olishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Faqat harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar qo‘shimcha ravishda harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi hujjatni taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etish amaliyoti bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya — Face-ID orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Hujjatda ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga oid normalar ham mustahkamlangan. Unga ko‘ra, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etiladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya to‘lash tartibi ham aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinishi mehnat bozorida shaffoflikni oshirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va fuqarolar uchun ishga joylashish jarayonini yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter