Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi

Ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Raqamli sog‘liqni saqlash markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiallari faoliyati bilan tanishdi.

Oxirgi bir yilda mamlakatimizda tibbiyotni raqamlashtirish ishlari butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida Raqamli sog‘liqni saqlash markazi ochildi.

Ushbu markazning Samarqanddagi filialida olib borilayotgan ishlar davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi. Viloyatdagi tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish ishlarining borishi, kasalliklar, bemorlar va dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash hamda ularga ishlov berish uchun qo‘llanilayotgan dasturiy yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalari, bularning barchasi amalda qanday natijalar berayotgani to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Jumladan, sohada DMED yagona elektron axborot platformasi ishga tushirilib, unga 36 million nafardan ziyod aholining tibbiy ma’lumotlari kiritildi. Tez tibbiy yordam xizmatida elektron boshqaruv yo‘lga qo‘yilib, chaqiriqlarga yetib borish vaqti qisqarmoqda.

Shuningdek, “Elektron retsept” tizimi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida ortiqcha dori yozish holatlari 40 foizga kamaydi, dori vositalarining aylanmasi shaffoflashdi.

Mamlakat bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari bilan ta’minlandi, yagona raqamli infratuzilma shakllantirildi. Uch mingdan ortiq tibbiyot muassasasi lokal tarmoq bilan ta’minlandi. Minglab yangi kompyuterlar xarid qilinib, texnik baza yangilandi.

Prezidentimiz raqamlashtirish orqali sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq barcha analitik ma’lumotlarga ega bo‘lish davlat uchun muhimligini, bu – tibbiyotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, sohada mablag‘ va resurslarni to‘g‘ri taqsimlash, dori-darmon muomalasini tartibga solish va korrupsiya holatlariga barham berishning muhim vositasi ekanini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu boradagi ishlarni tizimli davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

– Bemorlar oqimi, kasalliklar tuzilishi, davolash sifatini chuqur tahlil qilib borsak, biz tizim samarasini yanada oshira olamiz, - dedi Prezidentimiz.

Dori vositalari berilishini shaffof va tizimli qilish, shuningdek, litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filiali ham tubdan yangilanib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.

Markazni rivojlantirish uchun jami 52 milliard so‘m yo‘naltirilib, keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bugungi kunda markaz 100 o‘rinli shifo maskaniga aylangan bo‘lib, 262 turdagi tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan.

Xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mobil diagnostika tizimi yo‘lga qo‘yilib, yetti ming nafarga yaqin bemorda koronarografiya amaliyoti o‘tkazildi. Loyiha doirasida reanimatsiya bo‘limi, situatsion markaz va kutish zali ham zamonaviy tarzda barpo etildi.

Markazda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashga ham muhim e’tibor qaratilmoqda. Kardioxirurgiya yo‘nalishida klinik ordinatura faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mahalliy mutaxassislarning malakasi oshirilmoqda.

Yangi imkoniyatlar tufayli yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar ko‘lami sezilarli kengaydi. Xususan, yurak-qon tomir operatsiyalarining soni yil davomida 383 tadan 590 tagacha ortdi.

Davlatimiz rahbariga “Infarkt va insultga qarshi kurash” milliy dasturi taqdimoti davomida yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar bo‘yicha statistika, 5 yillik kasallanish dinamikasi, Yevropa standartlariga mos milliy dasturlar hamda taҗriba-sinov loyihasi natijalari haqida axborot berildi.

Ushbu kasalliklarini barvaqt aniqlash, oldini olish va davolash bo‘yicha ishlab chiqilgan bemorlarni yo‘naltirish (marshrutizatsiya) tizimi taqdimot qilindi.

Prezidentimiz bunday markazlar tibbiy xizmat sifati va aholi salomatligini yaxshilashda muhim o‘rin tutishi, Samarqandda yaratilgan tajribani boshqa hududlarda ham ommalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Samarqand viloyatiga tashrifi yakunlandi, Prezidentimiz Toshkentga qaytib keldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring