O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirishni boshladi
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladi. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning 70 dan ortiq kompaniyalari ishtirokida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonning Mo‘g‘ulistonga eksporti 15,6 foizga oshgan, shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Forumda Mo‘g‘uliston jun va kashmiri mahsulotlarini O‘zbekistonda qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor berildi. Qishloq xo‘jaligi sohasida 2029-yilga qadar respublikadagi mo‘g‘ul qo‘ylari bosh sonini 1 milliontaga yetkazish hamda Mo‘g‘ulistonda O‘zbekiston sug‘orish tizimlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy — Mo‘g‘uliston koridori bo‘ylab yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi. Geologiya sohasida esa O‘zbekistonning tegishli vazirligi Ulan-Bator shahridagi vakolatxonasi orqali konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlagani ma’lum qilindi.
Suzur Health Med, Prime Nomadic Meat, Tsamkhag Construction va boshqa kompaniyalarning B2B hamda G2B uchrashuvlari natijasida yangi investitsiya loyihalari shakllantirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter