Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishonlari topshiriladi

«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishonlari topshiriladi

​​​​​​​«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Farmon matnida ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami xalqimizning fidokorona mehnati, ulkan irodasi va bunyodkorlik salohiyati bilan istiqlol davrida bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli milliy taraqqiyot yo‘limizning yorqin ko‘zgusidir. Ayni vaqtda ushbu sana so‘nggi o‘n yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida erishayotgan tom ma’nodagi tarixiy yutuqlarimizni har tomonlama tahlil qilib, kelgusi rejalarimizni yanada aniq belgilab olishda muhim o‘rin tutadigan, el-yurtimizni yangi marralar sari ilhomlantiradigan buyuk siyosiy-ijtimoiy ahamiyatga molik voqeadir.

Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, inson qadrini ulug‘lash, xalqimiz farovonligini oshirish borasidagi tub islohotlar jarayonida mehnatkash, mard va olijanob yurtdoshlarimiz o‘zining kuch-g‘ayrati, iste’dod va mahorati, bilim va tajribasi hamda ezgu tashabbuslari bilan faol ishtirok etmoqda. Ularning el-yurt oldidagi munosib xizmatlarini, ibratli fazilatlarini yuksak qadrlash va rag‘batlantirish ko‘pmillatli jamiyatimiz a’zolari, ayniqsa, yosh avlod qalbiga Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini singdirishda, hech shubhasiz, beqiyos o‘rin tutadi.

Farmonga ko‘ra, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi farovonligini, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan vatandoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa markaziy idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqib tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda boshqa mutasaddi rahbarlar “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring