Prezident mustaqillik bayramida nutq so‘zlamoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zlamoqda.
Davlatimiz rahbari xalqimizni ayyom bilan samimiy tabrikladi. Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirayotganini ta’kidladi.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolari ishga tushirildi.
Tantana ishtirokchilari huzurida ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida «Ginnessning rekordlar kitobi»dan joy olgani bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlashi qayd etildi.
– Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan ushbu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi,– dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 1991-yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan davlat mustaqilligi qo‘lga kiritilganini ta’kidladi.
Buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyigani qayd etildi.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgani ta’kidlandi.
– Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz va unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi. Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni anglab, ulug‘ ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik,– dedi davlatimiz rahbari.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter