Qashqadaryoda Rossiya tomonida turib urushga kirgan fuqaro sudlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudida Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan 40 yoshli R.I.ga nisbatan «yollanish» ayblovi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Sud tergovida aniqlanishicha, R.I. 2015-yilda Rossiya fuqarosi bilan turmush qurgan va shu sabab Rossiya fuqaroligini olgan. Ikki fuqarolikka ega bo‘lgan fuqaro 2023-yildan beri Rossiya Federatsiyasi migratsiya idoralariga xorijga chiqish pasportini olish uchun bir necha bor murojaat qilib kelgan. Biroq, 2025 yil mart oyida migratsiya xizmati xodimlari unga xorijga chiqish pasportini olish uchun harbiy ro‘yxatdan o‘tish kerakligini tushuntirgan.
R.I. sudda sog‘lig‘i yomonligi va jangovar harakatlarda ishtirok etishni istamasligiga qaramay, u Primore o‘lkasi hududida joylashgan harbiy qismga majburan yuborilganini bildirgan.
U o‘zini Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun yuborish rejalashtirilayotganini anglab, bo‘linma qo‘mondoniga churrasi borligini aytadi. U harbiy gospitalga yuboriladi va u yerda operatsiya o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng u o‘zboshimchalik bilan gospitalni tark etib, harbiy qismga qaytmagan va 9-iyul kuni O‘zbekistonga qaytgan. R.I. o‘z ixtiyori bilan DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasiga pushaymonligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, sodir etgan jinoyati haqida ma’lum qilgan hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy harakatlarda ishtirok etganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.
Sud uni JKning 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bunda R.I.ning ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davrida uning ishlash yoki o‘qish vaqtidan, shuningdek ish yoki o‘qish joyigacha borishi va uy-joyiga qaytib kelishi uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari qolgan vaqtda uy-joyidan chiqishi cheklandi.
Sudda, shuningdek, R.I.ning 2023-yilda o‘zi yashaydigan Shahrisabz tumanida J.G. bilan turmush qurgani va ularning bir nafar voyaga yetmagan qizi borligi aytiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter