Rossiya nihoyat Ozarbayjonga kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ldi
Rossiya Ozarbayjonga AZAL yo‘lovchi samolyotining halokati uchun kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘ldi.
Rossiya va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirliklarining qo‘shma bayonotiga ko‘ra, ikki mamlakat 2024-yilning dekabrida yuz bergan aviahalokat oqibatlarini, jumladan, kompensatsiya to‘lash masalasini to‘liq hal qilishga kelishdilar. Diplomatlarning ta’kidlashicha, ushbu kelishuvga 2025-yil 9-oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH sammiti doirasida prezidentlar Vladimir Putin va Ilhom Aliyev o‘rtasidagi muzokaralarda erishilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Bokudan Grozniyga uchayotgan Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti 2024-yil dekabr oyida Qozog‘istonda halokatga uchragandi. O‘shanda 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan edi.
Mazkur fojia Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Kavkaz mintaqasida Ukraina dronlari hujumini qaytarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Boku ma’muriyati halokatdan so‘ng darhol samolyot «tashqi ta’sir» natijasida urib tushirilganini ta’kidlagan.
Biroq, dastlabki bosqichda Moskva o‘z aybini rad etdi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning keskin sovuqlashishiga sabab bo‘ldi. Hatto prezident Ilhom Aliyev voqea yuzasidan xalqaro sudga murojaat qilish rejalarini e’lon qildi. Diplomatik inqiroz oqibatida ikki davlatda ham diaspora vakillari va fuqarolarni qo‘lga olish bilan bog‘liq bosimlar kuzatildi.
Vaziyat faqatgina 2025-yil oktyabr oyida, Dushanbedagi uchrashuvda ijobiy tomonga o‘zgardi. Unda Vladimir Putin Rossiya raketalari Ozarbayjon samolyoti yaqinida portlaganini va fojia texnik xatolik tufayli yuz berganini tan oldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter