Samarqandga sayyohlar oqimi 2016-yilgidan 7 karra o‘sdi – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
«O‘zida ko‘p ming yillik tarix va qadriyatlarni mujassam etgan, zamonaviy me’morchilik an’analari asosida kundan-kunga chiroy ochib borayotgan bu ulug‘ zamin dunyo sivilizatsiyasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda», - dedi Prezidentimiz.
Xususan, «Boqiy shahar» majmuasi barpo etilgani, 40 dan ziyod muqaddas ziyoratgohlar obod bo‘lgani, «Samarqand» xalqaro aeroporti yangidan qurilgani, o‘nlab xalqaro brend mehmonxonalar ish boshlagani viloyat turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqdi.
Samarqand so‘nggi yillarda siyosiy, iqtisodiy, turizm va biznes markaziga, ko‘plab yirik xalqaro tadbirlar, forum va anjumanlar uchun muloqot maydoniga aylandi.
Shu yilni o‘zida bu yerda 40 dan ortiq nufuzli xalqaro anjuman tashkil etilgani, ayniqsa, yaqinda YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi o‘tkazilgani chindan ham ulkan voqea bo‘ldi.
Umuman, turizm va unga turdosh sohalarga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgani uchun viloyatga sayyohlar oqimi 2016-yilgidan 7 karra o‘sdi, turizm xizmatlari eksporti 600 million dollarga yetdi.
Imom Buxoriy maqbarasi hududi 45 gektargacha kengaytirilib, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey barpo etildi, atrofida o‘nlab mehmonxona va mehmon uylari qurilmoqda.
Agar Indoneziya, Malayziyadan ilg‘or turistik kompaniyalar olib kelinib, mehmonxonalar boshqaruvga berilib, o‘zaro manfaaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, turistlar oqimi yanada keskin ko‘payishi ta’kidlandi.
Bugun viloyat nafaqat turizmdagi, balki sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatishdagi ulkan salohiyati bilan investor va tadbirkorlar uchun chinakam jozibador maskanga aylanib bormoqda.
«Endi Samarqand – ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya, eksport, umuman barcha sohada metodik viloyat bo‘lishi kerak.
Buning uchun tuman hokimlari o‘zini hududini xususiyatidan kelib chiqib, bor shtatlarini tahlil qilib, samarasizini qisqartirib, xorijdan zamonaviy menejerlar, mutaxassislar olib kelib, yangicha ishlashga o‘tishi zarur», - dedi davlatimiz rahbari.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter