Shvetsiya aholisi ikki baravar qisqarib ketishi mumkin
Migrantlar oqimining kamayishi, aholining qarishi va tug‘ilish darajasining pasayishi kabi omillar sababli 2100-yilga borib Shvetsiya aholisining 4 millionini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda Lund universiteti dotsenti Osa Hansson rahbarligidagi ekspertlar taqdim etgan hisobotda so‘z boradi.
Ushbu tadqiqot Shvetsiya hukumati buyurtmasiga binoan o‘tkazildi.
Aholi sonining kamayishi mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi, deya ta’kidladi Osa Hansson Sveriges Radio teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida. Salbiy ssenariyning oldini olish va uning oqibatlarini yumshatish uchun davlat hozirdanoq resurslarni qayta taqsimlashi hamda yoshlarning turmush sharoitini yaxshilashi zarur.
Bugungi kunda Shvetsiyada 10,6 million kishi istiqomat qiladi, biroq 2100-yilga borib bu ko‘rsatkich 6,6 millionni tashkil etadi. Mamlakat iqtisodiy barqarorligini saqlab turish uchun ko‘proq mehnat migrantlariga ehtiyoj sezmoqda. Bir qator sohalarda mutaxassislar tanqisligi hozirdanoq kuzatilmoqda, deydi Svenskt Näringsliv (Shvetsiya tadbirkorlar ittifoqi) iqtisodchisi Sven-Ulof Donfeldt.
Aholi sonining qisqarishi ko‘p mamlakatlarda, jumladan, uzoq vaqt davomida demografik cheklov siyosatini qo‘llagan Xitoyda ham kuzatilmoqda. 2025-yilda Xitoyda tug‘ilish darajasi bir yil oldingiga nisbatan 17 foizga kamaydi va bu navbatdagi antirekordga aylandi. Mamlakatda 11,31 million o‘lim holati qayd etilgan bo‘lsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar soni 7,92 millionni tashkil etdi. Oxirgi 79 yil ichida tug‘ilishning eng past ko‘rsatkichlari Germaniyada ham qayd etildi — 2025-yilda mamlakatda 654,3 ming nafar bola dunyoga keldi. Solishtirish uchun: 2025-yilda O‘zbekistonda 879,6 mingta tug‘ilish qayd etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter