Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Siz it, qo‘y, sigir boqayotganingizga soliq to‘lamayapsizku!

Siz it, qo‘y, sigir boqayotganingizga soliq to‘lamayapsizku!

Soliq deganda ko‘pchilikning xayoliga daromad, yer yoki uy-joy solig‘i keladi. Ammo dunyoda shunday soliqlar borki, ularni eshitib, hayron qolish mumkin.

Ayrim davlatlarda it boqish, plastik paketdan foydalanish, shakarli ichimlik ishlab chiqarish, uyni bo‘sh qoldirish, hatto chorva mollarining havoga chiqaradigan gazlari ham soliq hisob-kitobiga kiritilgan.

Qizig‘i, bu soliqlarning aksariyati faqat davlat xazinasini to‘ldirish uchun emas. Ular odamlarni ma’lum bir odatdan qaytarish yoki foydali odatga o‘rgatish uchun ham qo‘llanadi.

Masalan, Germaniyaning ayrim shaharlarida it egalari maxsus soliq to‘laydi. Berlinda birinchi it uchun yiliga 120 yevro, ikkinchi va keyingi itlar uchun esa 180 yevrodan soliq belgilangan. Ya’ni, uyda it boqishni xohlagan kishi nafaqat uni ovqatlantirish va parvarish qilish xarajatlarini, balki davlatga to‘lanadigan soliqni ham hisobga olishi kerak. Bu soliq Germaniyada ancha yillardan beri mavjud bo‘lib, itlarni ro‘yxatga olish va shaharlarda ularni boqishni tartibga solish vositalaridan biri hisoblanadi.

Irlandiyada do‘kondan xarid qilganda berilgan ayrim plastik paketlar uchun maxsus ekologik yig‘im olinadi. Hozir bu to‘lov bir paket uchun 22 yevrotsentni tashkil etadi. Bir qarashda bu juda kichik summa. Ammo millionlab paketlar hisobga olinsa, katta mablag‘ hosil bo‘ladi. Asosiy maqsad esa pul yig‘ish emas. Odamlarni bir martalik plastik paketdan kamroq foydalanishga o‘rgatish. Shuning uchun Irlandiyada ko‘p martalik sumkalardan foydalanish keng tarqalgan.

Yaponiyaga borgan odam mamlakatdan chiqib ketayotganda ham maxsus to‘lovga duch keladi. 2026 yil 1 iyuldan Yaponiyadan samolyot yoki kema orqali chiqib ketuvchilar uchun xalqaro turistik soliq 3000 iyena etib belgilangan. Bu pul odatda aviachipta yoki safar hujjatlarining umumiy narxiga qo‘shib undiriladi. Qizig‘i, bu faqat sayyohlarga tegishli emas. Yaponiyadan chiqib ketayotgan boshqa yo‘lovchilar ham ushbu to‘lovni to‘lashi mumkin.

Eng g‘ayrioddiy misollardan biri Daniyada. Mamlakat chorva mollari sabab atmosferaga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish maqsadida maxsus soliq joriy etishga qaror qilgan. Sababi sigir va boshqa chorva mollari hazm jarayonida metan gazi chiqaradi. Metan esa iqlim o‘zgarishiga ta’sir qiladi. Albatta, sigirning o‘zi soliq to‘lamaydi. To‘lov fermerlarga yuklatiladi. Maqsad fermerlarni atrof-muhitga kamroq zarar yetkazadigan usullardan foydalanishga undash.

Buyuk Britaniyada shakari ko‘p bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar uchun maxsus soliq mavjud. Soliq ichimlikdagi shakar miqdoriga qarab hisoblanadi. Bu yerda ham maqsad oddiy, ishlab chiqaruvchilarni ichimliklardagi shakar miqdorini kamaytirishga undash. Shu sababli ayrim kompaniyalar soliqni kamaytirish uchun mahsulot tarkibidagi shakar miqdorini pasaytirgan.

Shotlandiyada uzoq vaqt bo‘sh turgan yoki ikkinchi uy sifatida saqlanayotgan ayrim uylar uchun qo‘shimcha soliq undiriladi. Chunki uy-joy yetishmaydigan hududlarda ko‘plab uylarni yillab bo‘sh saqlab qo‘yish muammo tug‘diradi. Shuning uchun davlat uy egalarini uyni bo‘sh qoldirmaslikka, uni ijaraga berish yoki yashash uchun foydalanishga rag‘batlantirmoqda.

Buyuk Britaniyada plastik qadoqlar uchun ham maxsus soliq bor. U asosan plastik qadoq ishlab chiqaradigan yoki mamlakatga olib kiradigan kompaniyalarga tegishli. Agar qadoqda qayta ishlangan plastik yetarli darajada ishlatilmagan bo‘lsa, kompaniya soliq to‘lashi mumkin. Bu orqali davlat ishlab chiqaruvchilarni qayta ishlangan materiallardan ko‘proq foydalanishga undamoqda.

Nega davlatlar bunday soliqlarni joriy qilmoqda? Bu soliqlarning ko‘rinishi har xil bo‘lsa-da, ularning maqsadi o‘xshash. Davlatlar soliq orqali odamlar va kompaniyalarning odatlariga ta’sir o‘tkazmoqda.

Masalan, plastik paketga to‘lov — plastik chiqindilarni kamaytirish uchun;

Shakarli ichimlik solig‘i — shakar miqdorini kamaytirish uchun;

Bo‘sh uyga qo‘shimcha soliq — uy-joydan samarali foydalanish uchun;

Chorva mollariga bog‘liq soliq — havoga chiqadigan zararli gazlarni kamaytirish uchun;

It solig‘i esa hayvonlarni saqlashni tartibga solishga xizmat qiladi.

Siz hali ham foydalanayotgan gaz-chirog‘ingiz uchun to‘layotgan soliqlardan norozi bo‘lsangiz, o‘z xonadoningiz qolib, qo‘shningizning hovlisiga ham jarangdor ovoziyu iforlari bilan dong taratgan it, qo‘y va sigirlaringizga bir boqib qo‘ying!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring