Surxondaryoda hokim o‘rinbosari firibgarlik va pora berishga uringanlikda ayblanib qamaldi
Joriy yil 17-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudida Sariosiyo tuman hokimi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan 40 yoshli A.Q.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, u JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan ayblangan.
Sud tergovi bayonnomasida keltirilishicha, ayblanuvchi 2020-yil 27-may kunidan 2025-yil 22-sentyabr kuniga qadar Sariosiyo tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelib, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib kelgan.
A.Q. 2025-yil 21-sentyabr kuni qo‘lga olingan va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayblanuvchi 2025-yil 5-fevral kuni o‘z xizmat xonasida tanishlari G.S. va S.D.ni qabul qilib, suhbat jarayonida S.D.ga uni tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘lim rahbariga topshiriq berish orqali bog‘chaga ishga kiritib qo‘yishni va’da bergan. Buning uchun xizmat xonasida tanishi S.G. vositachiligida 500 dollar olib, pulni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
A.Q. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va pulni qarz sifatida olganini, keyinchalik bu pulni oila a’zolari orqali qaytarib berganini bildirgan.
Shuningdek, guvohlar S.D. va G.S.lar ham sudda tergovdagi ko‘rsatmasini o‘zgartirib, pulni hokim o‘rinbosariga qarz sifatida berishganini aytishgan. Biroq sud dalillar va guvohlarning tergovdagi ko‘rsatuvlarini inobatga olib, uning aybini tasdiqladi.
Sud hukmiga ko‘ra, A.Q. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha aybli deb topildi. U 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Shuningdek, 2 yil 1 oy davomida davlat tizimida mansabdor lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi. Olingan 500 dollar esa davlat daromadiga undiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter