Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlarni chuv tushirgan fuqaro jazoga tortildi

Tadbirkorlarni chuv tushirgan fuqaro jazoga tortildi

Foto: Xabar.uz

Buxoroda bir necha fuqaroning moliyaviy ishonchini suiste’mol qilgan ayolga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi

Buxoro shahrida bir-biridan farqli uch nafar tadbirkorning ishonchini qozonib, ulardan tilla taqinchoq va kiyim-kechaklarni «bo‘lib-bo‘lib to‘layman», degan va’da bilan olgan, keyin esa ularni sotib, pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan fuqaro D.B.ning xatti-harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi, 3-qismi, «b» bandi bilan takroran firibgarlik, deb malakaladi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorako‘l tuman sudi raisi Boborahim Ochilov ma’lum qilmoqda.

Sud jarayoni davomida ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi qisqa vaqt ichida N.G., Sh.A. va M.I. kabi tadbirkor ayollarning ishonchini suiiste’mol qilib, umumiy hisobda o‘n minglab AQSh dollari qiymatidagi mol-mulkni noqonuniy egallagan.

D.B. o‘zi ishlagan go‘zallik salonidagi muloyim muomalasi va «turmush o‘rtog‘im Yevropada ishlab, katta pul yuborib turadi», «salon ham, mashina ham erim tomonidan sovg‘a qilingan» kabi gaplar bilan odamlar ishonchini osongina qozongan.

U birinchi jabrlanuvchi N.G.ning do‘koniga borib, tilla taqinchoqlarni tanishlariga sovg‘a qilishini, pulni 3 oyda berib qo‘yishini aytadi. O‘z «salon»chisining so‘ziga ishongan tadbirkor ayol unga 7 260 AQSh dollari qiymatidagi tilla buyumlarni beradi. Ammo, D.B. tillalarni sotib, pullarni qarzlarini yopish o‘rnida, shaxsiy ehtiyojiga ishlatib yuboradi.

Xuddi shu usul Sh.A. bilan ham takrorlangan. Uning o‘z qarindoshlari uchun tilla olishini aytgan D.B. bir necha marta «500 dollardan haftalik to‘lov» va’dasi bilan qimmatbaho oltin va brilliant zeb-ziynatlarni qo‘lga kiritgan. U Sh.A.dan 6 945 AQSh dollariga teng taqinchoqlar olib ketgan.

Tadbirkor ayol M.I. bilan ham shunday holatni yuzaga keltirgan. «Yevropadan katta pul keladi» degan gaplar bilan ishongan tadbirkor D.B.ga 1 800 dollarlik ayollar kiyim-kechagini berib yuborgan.

Avvaliga qilmishlarini tan olmagan sudlanuvchi hodisalar ochiqlanib kelavergach, o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U qarzlari ko‘payib ketgani, tanishlaridan pul topolmagani bois, shu yo‘lni tanlaganini vaj keltirgan.

Sudgacha bo‘lgan jarayonda D.B. har uch jabrlanuvchining ham moddiy zararini to‘liq qoplab bergan.

Jabrlanuvchilar sudda: «D.B.ning ayollar salonida ishlashini bilganimiz, uning shirinsuxanligiga ishonganimiz uchun ham katta miqdordagi mulkimizni bergandik»,-deyishgan.

Sud hukmi e’lon qilishinida D.B.ning ayolligi, oilaviy sharoiti hamda o‘z aybiga iqror bo‘lgani, shuningdek, jabrlanuvchilarning barcha moddiy zararlarini qoplab bergani inobatga olingan. Shu sababli unga sud ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlamasdan, 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari tartibini belgilagan.

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring