Turoperatorlarning sayyohlar uchun targ‘ibotlari xarajatining 25 foizigacha qismi qoplab beriladi
O‘zbekistonda turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilmoqda. Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan turoperatorlar va tadbirkorlar xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Xususan, 2030-yil 31-dekabrga qadar xorijiy davlatlardan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari qisman moliyalashtiriladi.
Shu bilan birga, mahalliy turoperatorlarning xorijda o‘tkazadigan targ‘ibot tadbirlari xarajatlarining 25 foizigacha qismi qoplab beriladi. Biroq bu miqdor 500 mln so‘mdan oshmasligi belgilangan.
Qarorga muvofiq, xususiy tadbirkorlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, sayyohlar uchun madaniy-ommaviy, konsert-tomosha va boshqa tadbirlarni tashkil etish xarajatlari qisman moliyalashtiriladi.
Bu tizim 1 yilgacha amal qilib, tadbirlarni belgilangan hudud va jadval asosida o‘tkazishni nazarda tutadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar ushbu xarajatlarni bosqichma-bosqich o‘zlari qoplash sharti bilan moliyalashtirish imkoniga ega bo‘ladi. Moliyalashtirish chegaralari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kengashi tomonidan belgilanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter