Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vengriyaning bo‘lajak bosh vaziridan Ukraina uchun xushxabar

Vengriyaning bo‘lajak bosh vaziridan Ukraina uchun xushxabar

Foto: AP

Vengriyada 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovida g‘alaba qozongan «Tisa» partiyasi rahbari, mamlakatning bo‘lajak bosh vaziri Peter Madyar Yevropa Ittifoqi tomonidan Ukrainaga kredit ajratilishiga to‘sqinlik qilmasligini bildirdi.

Vengriyaning iste’foga ketayotgan bosh vaziri Viktor Orban bunga qadar YeI tomonidan Ukrainaga 90 milliard yevro miqdorida qarz ajratish haqidagi qarorni bloklab kelgandi.

Peter Madyar YeI tomonidan Ukrainaga kredit ajratish haqidagi qaror 2025 yil dekabrda qabul qilingani, yangi hukumat Vengriya ilgari zimmasiga olgan majburiyatlari doirasida harakat qilishini aytgan.

Bo‘lajak bosh vazir Ukrainaga moddiy ko‘mak berilishini qarshilik qilinmasligini ta’kidlagani holda, Vengriya o‘ta og‘ir vaziyatda ekani sabab Kiyevga bevosita qarz ajratishni zimmasiga olmasligini qayd etgan. 

Viktor Orban YeIning ko‘plab tashabbuslari, jumladan, Ukrainaga ko‘mak va Rossiyaga taqiqqa doir qarorlarga to‘sqinlik qilib kelgani ortidan Bryussel Vengriyaga atalgan 35 milliard yevro iqtisodiy ko‘makni muzlatib qo‘ygan edi.

Madyar Ukrainaga ko‘makka ijozat evaziga YeIning muzlatilgan iqtisodiy ko‘magi to‘sqinliksiz berilishiga erishmoqchi.

Orban Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini xaspo‘shlab, urushda Kiyevni ayblab kelgani ma’lum.  Peter Madyar esa g‘alabadan keyingi ilk matbuot anjumanida Ukraina urushda jabrdiyda ekanini ochiq ta’kidlagan va uning hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini yoqlagan.

Madyar, ayni choqda, Ukrainaning YeIga oshig‘ich ravishda a’zo bo‘lishiga qarshi ekanini ham yashirmagan.

Madyar Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot ehtimoliga ham to‘xtalgan.

«Agar Vladimir Putin menga qo‘ng‘iroq qilsa go‘shakni ko‘taraman. Agar u bilan gaplashsak, men unga to‘rt yildan buyon davom etayotgan xunrezlikni to‘xtatish va urushni bas qilishni aytgan bo‘lardim... Rossiya hali-hamon xavfsizlikka tahdid solmoqda», — degan siyosatchi.   

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Vengriyaning bo‘lajak rahbari Peter Madyarni ishonchli g‘alaba bilan qutlab, ikki xalq hamda Yevropa xavfsizligi yo‘lida konstruktiv muloqotga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, 12-aprel kuni Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovida butun Yevropa Ittifoqi taqdiriga ta’sir etadigan natija qayd etildi.

45 yoshli Peter Madyar bosh vazir 62 yoshli Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruviga chek qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.

Madyar rahbarligidagi «Tisa» partiyasi qonunchilik idorasida mutlaq ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sanab chiqilgan qariyb 99 foiz ovoz natijalariga ko‘ra, parlamentdagi 199 o‘rindan 138 tasi muxolifatga o‘tmoqda.

Orbanning «Fides» partiyasi esa 37,95 foiz ovoz to‘plab, 55 ta o‘ringa qanoat qildi.

Tahlilchilar Orbanning katta siyosatdan ketishini o‘ng qanotga mansub siyosiy harakat uchun kuchli zarba deya baholadi. Yana ayrim ekspertlar Vengriyadagi saylovda nafaqat Viktor Orban, balki AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin ham mag‘lub bo‘ldi deb hisoblaydi.

Ma’lumot o‘rnida: so‘nggi vaqtlarda Budapesht va Kiyev o‘rtasida siyosiy ziddiyatlar kuchaygan edi. Xususan, tomonlar «Drujba» neft quvuri yuzasidan keskin bayonotlar almashib kelayotgandi.

Ixtilof fonida bosh vazir Viktor Orban Ukrainaga gaz yetkazib berishni ham to‘xtatgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring