Xitoy AQShni Ho‘rmuzdagi xavfli o‘yindan ogohlantirdi
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQShning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi harakatlarini tanqid qildi. Pekin bu blokadani xavfli va mas’uliyatsiz qadam sifatida baholamoqda.
Xitoy TIV rasmiy vakili Go Szyakun OAV uchun brifingda AQShning harbiy faollikni oshirishi mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligi haqida to‘xtalgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi harakatlar avval erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga putur yetkazishi va yangi eskalatsiyaga olib kelishi ehtimoli bor.
«AQShning harbiy ishtirokni kuchaytirishi va maqsadli qamali ziddiyatlarni yanada chuqurlashtiradi, keskinlikni oshiradi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema harakati xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi», – dedi diplomat.
Pekin bu kabi harakatlar nafaqat mintaqaviy barqarorlikka, balki global xavfsizlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Szyakun Ho‘rmuzga yo‘nalgan savdo kemalari faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Ho‘rmuz bo‘g‘ozi mahsulotlar va energiya manbalari uchun muhim xalqaro savdo yo‘nalishi bo‘lib, uning xavfsizligi, barqarorligi va hudud orqali to‘siqsiz harakatlanishni ta’minlash xalqaro hamjamiyatning umumiy manfaatlariga mos keladi», – deya ta’kidladi Xitoy TIV vakili.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng, 14-apreldan boshlab Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasi joriy etilishini ma’lum qilgan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter