Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Germaniya O‘zbekiston bilan agrar sohada hamkorlikni kengaytirmoqchi

Germaniya O‘zbekiston bilan agrar sohada hamkorlikni kengaytirmoqchi

Germaniya Federativ Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan turli sohalar qatori qishloq xo‘jaligi jabhasida ham hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash niyatida. Germaniya Bundestagining Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va vatan masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Hermann Ferber boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 20-24 oktyabr kunlari O‘zbekistonga tashrifi mobaynida ayni shu istak bir necha bor ta’kidlandi.

Germaniya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif chog‘ida asosiy e’tibor O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim soha bo‘lmish qishloq xo‘jaligi va uni iqlim o‘zgarishi kabi dolzarb chaqiruvlar asosida transformatsiyasiga qaratildi.

Olmon delegatsiyasi Toshkentda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati qo‘mitalari vakillari, O‘zbekiston fermerlari kengashi, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari bilan fikr almashdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berishicha, quyi palatadagi uchrashuvda mehmonlarga «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 –2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

«Germaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishonchli strategik hamkor sifatida tan oladi. Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar bizda katta taassurot qoldirdi. Bunday uchrashuvlar o‘zaro tajriba almashish va cho‘llanishdan tortib, oziq-ovqat barqarorligigacha bo‘lgan global muammolarga birgalikda yechim topish imkonini beradi»,– degan Bundestag qo‘mita raisi Hermann Ferber.

Bundan tashqari, delegatsiya ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligi va baliqchilik sohalari bilan, xususan, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq suv tanqisligi muammosi bilan yaqindan tanishgan.

Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) Orolbo‘yi xalqaro innovatsiyalar markazi va Nukusdagi Qishloq xo‘jaligi instituti bilan ko‘p yillardan beri hamkorlik qilib keladi va Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy rivojlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va iqlim o‘zgarishiga moslashish kabi sohalarda turli loyihalar bilan qo‘llab-quvvatlaydi.

«Germaniya parlamenti a’zolarining O‘zbekistonga tashrifi va ularning o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro fikr almashishi har ikki tomon uchun juda qadrlidir. Biz bir-birimizdan o‘rganishimiz va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma loyihalarni yanada ilgari surishimiz mumkin», – degan Germaniyaning yurtimizdagi elchisi Manfred Huterer.

Germaniya ko‘plab sohalar qatori ekologiya, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini bartaraf etish kabi yo‘nalishlarda ham O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilmoqda.

2022 yilda O‘zbekiston ekologiya tizimi rahbariyati hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati o‘rtasida bitim imzolangan. 10 million yevrolik loyiha doirasida Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi xavflarini boshqarish, kadrlar salohiyatini institutsional rivojlantirish, mintaqada iqlim muammolari bo‘yicha muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Germaniya ajratgan ko‘p million yevrolik ko‘mak vositasida Orolbo‘yi mintaqasida ham qishloqlarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengizining qurigan tubida biologik xilma-xillikni tiklash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring