O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi
Bugun, 24-oktyabr kuni Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohida O‘zbekiston-Yevropa sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Yetakchilar huzurida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Jurnalist Aziza Qurbonovaning yozishicha, «Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida»gi Bitim (EPCA-Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) Prezident Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta, Yevrokomissiya Prezidenti Ursula Fon Der Lyayen huzurida O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Va Yevroittifoq Komissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas tomonidan imzolangan.
Jurnalistning yozishicha, mazkur hujjat loyihasi ustida 2019-yildan beri ishlab kelingan va loyiha doirasida 10 ta muzokara, 150 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazilgan.
«Bu kelishuv shunchaki diplomatik hujjat emas, u O‘zbekistonga Avstriyadan tortib Shvetsiyagacha bo‘lgan 27 davlat hududida Yevropa bozorlarini kengroq ochadigan, tadbirkorlarga bojxona ishini soddalashtiradigan, texnik to‘siqlarni kamaytiradigan, yurtimizga Yevropa investitsiyalari oqimini erkinlashtiradigan, talabalarimiz, mutaxassislar va tadbirkorlar uchun viza talablarini soddalashtiradigan, yoshlarimizning Yevropada o‘qishiga ko‘proq imkon yaratadigan, ta’lim, fan, sun’iy intellekt, startaplar va raqamli xavfsizlik sohalarida yangi hamkorlik eshigini ochadigan hujjat», – deydi Qurbonova.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter