Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh hamshiralar uchun Yevropada ishlash imkoniyati oshdi

Yosh hamshiralar uchun Yevropada ishlash imkoniyati oshdi

GMA diplomi Germaniyada o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlash huquqini beradi.

Foto: Germaniya elchixonasi

Toshkent shahridagi 1-sonli Abu Ali ibn Sino nomidagi Respublika Jamoat salomatligi texnikumi bazasida Germaniya tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning Axen universitet klinikasi (davolash bo‘yicha Yevropadagi ikkinchi yirik klinika) hamda “Globogate Concept AG” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ochilgan klinika yuqori malakadagi o‘rta tibbiyot mutaxassislarini Germaniya standartlari asosida tayyorlash, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va hamyurtlarimiz uchun chet mamlakatlarning nufuzli klinikalarida tajriba almashish, yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.

Germaniya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yangi tibbiyot akademiyasi (GMA) o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlarini nemis standartlari bo‘yicha, shu jumladan, besh bosqichli nemis malaka darajasi va nemis–o‘zbek sertifikati bilan uyg‘unlashtirilgan til dasturi (A1-B2) doirasida o‘qitadi.

Diplomatik vakolatxona ushbu loyihani xalqaro hamkorlik, bilimlar transferi va sog‘liqni saqlash sohasidagi umumiy kelajak uchun kuchli mujda deb baholagan.

Migratsiya agentligi matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, ilgari Germaniyada tibbiyot sohasida ishlash istagidagi “hamshiralik ishi” yo‘nalishida diplom egalari bilan shartnoma qilinar va ular Germaniya standartlariga ko‘ra qayta tayyorlanar edi. Nomzodlar ushbu davlatga borgach, moslashish uchun yana  6-8 oy vaqt sarflardi. Endilikda bu jarayonni O‘zbekistondayoq amalga oshirish imkoni yaratildi.

Tibbiyot akademiyasining ochilish marosimda har ikki tomondan yuqori martabali vakillari qatnashdi. Foto: Migratsiya agentligi

Akademiyaga maqsadli qabullar asosida Germaniyada ishlash istagida bo‘lgan nomzodlar tanlab olinadi.

Talabalar uch yillik o‘qish davridayoq Germaniya tibbiyot standartlari asosida tahsil olib, ikki davlat tomonidan tan olinadigan diplom va B2 darajadagi nemis tili sertifikatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, Germaniyada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarimiz oila a’zolarini ham o‘zlari bilan olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avval xabar berganimizdek, barqaror kasbiy istiqbollarni yaratish hamda sog‘liqni saqlash sohasida kadrlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishga qaratilgan loyiha poydevori 2024 yil noyabr oyida qo‘yilgan edi. O‘shanda  Migratsiya agentligi va “Globogate Concept AG” kompaniyasi rahbarlari tegishli hujjatga imzo chekkandi.

Ma’lumot o‘rnida, Germaniya kansleri Olaf Sholsning 2024 yil 15-16 sentyabr kunlari Samarqandga tashrifi chog‘ida bir qator muhim hujjatlar qatorida Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida hukumatlararo bitim ham imzolangandi.

“Germaniya ko‘plab sohalarda, masalan, sog‘liqni saqlash va bemorlarni parvarishlashda ishchi kuchi va malakali mutaxassislarga muhtoj. Shu bilan birga, ko‘plab o‘zbekistonlik yoshlar Germaniyada yaxshi, malakali o‘qish va ishga joylashishga qiziqish bildirmoqda. Bu yerda puxta tayyorlangan, tirishqoq ishchilar uchun katta imkoniyatlar mavjud. Bitim tuzish orqali Germaniya aynan ularga murojaat qilmoqda”, – deyiladi Germaniya elchixonasi joriy yil fevral oyida tarqatgan xabarnomada.

Ikki davlat ta’lim bo‘yicha ham hamkorlikni kuchaytirmoqda. Jumladan, o‘tgan yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida O‘zbek–nemis fakulteti ochilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring