Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Ko‘proq imkoniyat – ko‘proq mustaqillik degani”.  YI hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda

“Ko‘proq imkoniyat – ko‘proq mustaqillik degani”.  YI hamkorlik qo‘lini cho‘zmoqda

20 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi komissarlari, Qora dengiz, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari vazirlari ishtirokida mintaqalararo xavfsizlik va o‘zaro bog‘liqlik masalalari bo‘yicha mashvarat tashkil etildi. Mazkur uchrashuv Bryusselning Qora dengiz mintaqasiga oid strategik yondashuvi va Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammitining mantiqiy davomi hisoblanadi.

Mashvaratda Armaniston, Ozarbayjon, Moldova, Turkiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi ishlari vazirlari hamda vakillari  qatnashdi. YeI nomidan Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakil/Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Kaya Kallas, Kengayish bo‘yicha komissar Marta Kos hamda Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela ishtirok etdi.

YeI delegatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida ishtirokchilar manfaatli sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro bardoshlilikni kuchaytirish va yanada bog‘langan, xavfsiz hamda farovon mintaqalarni targ‘ib etish borasida o‘z majburiyatlarini tasdiqladilar.

Vazirlar sessiyasida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik kun tartibi muhokama qilindi. Mazkur tashabbus iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish, uzoq muddatli umumiy farovonlik, hamkorlik va tinchlikni mustahkamlash, YeIni Turkiya va Janubiy Kavkaz orqali Markaziy Osiyo bilan bog‘lashga yo‘naltirilgan.

Asosiy e’tibor transport (mintaqalararo Trans-Kaspiy transport yo‘lagini kuchaytirish va transport aloqalarini kengaytirish),  raqamli texnologiyalar (yuqori tezlikdagi internetni rivojlantirish orqali innovatsiyalar, raqamli savdo va muhim infratuzilmaning xavfsizligini ta’minlash),  energetika (energiya tarmoqlarini yaxshilash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish orqali energiya xavfsizligi va diversifikatsiyasini oshirish), savdo (bojxona jarayonlarini uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish orqali chegaralardagi savdoni soddalashtirish hamda bozor integratsiyasini chuqurlashtirish) kabi to‘rt ustuvor yo‘nalishga qaratildi.

“Qora dengiz mintaqasi Yevropa Ittifoqi uchun strategik ahamiyatga ega. Rossiyaning Ukrainadagi urushi mintaqa bo‘ylab xavfli oqibatlarga olib kelmoqda. Moskvaning harbiy faoliyati, soya flotlari, suzib yuruvchi minalar va kema navigatsiya tizimlarini to‘sish kabi holatlar – umumiy xavfsizlik muammolari bo‘lib, ularga jamoaviy javob talab etiladi. Qora dengizdan tashqari, urush Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi quruqlikdagi savdoga ham ta’sir ko‘rsatdi. Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan birgalikda biz o‘zaro aloqalarni diversifikatsiya qilamiz va savdo, energiya hamda raqamli imkoniyatlarni kengaytiramiz”, – deydi YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas.

“Rossiyaning tajovuzkor urushidan oldin Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi aksar quruqlik savdosi Rossiya orqali o‘tardi. Bugun bu yo‘l yopilgan. Bizga muqobil yo‘llar zarur. Shu sababli Yevropadan to Xitoy chegaralarigacha cho‘zilgan barcha mamlakatlar ilk bor Lyuksemburgda yig‘ildi. Barchamiz yagona yetkazib beruvchiga bog‘liqlik bizni zaiflashtirishini bilamiz. Birgalikda yangi infratuzilma qurish orqali biz o‘zimizga ko‘proq harakat erkinligi, savdo imkoniyatlari, energiya manbalari va raqamli ma’lumot almashuvi yo‘llarini yaratamiz. Ko‘proq imkoniyat  bu – ko‘proq mustaqillik degani”, – deydi YeIning Kengayish masalalari bo‘yicha komissari Marta Kos.

“Markaziy Osiyo – navqiron aholi qatlamiga ega, Yevropa bilan “Global darvoza” doirasida faol ishlash salohiyatiga ega dinamik mintaqa. Biz birgalikda ushbu salohiyatni real imkoniyatlarga aylantira olamiz. Transport, energetika va raqamli tarmoqlardagi ishonchli o‘zaro bog‘liqlik bunga asos bo‘ladi. Mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali biz savdoni rivojlantiramiz, ish o‘rinlari yaratamiz va har ikki tomonda barqaror farovonlikni ta’minlaymiz”, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela.

Muhokamalarda barcha ishtirokchilar o‘rtasida muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Yevropa Komissiyasi amaldagi tajribalarga asoslanib, hamkor mamlakatlar, xalqaro moliya institutlari, xususiy investorlar va manfaatdor uchinchi tomonlarni birlashtiruvchi muvofiqlashtirish mexanizmi taklifini tayyorlaydi. Ushbu mexanizm 2025 yil 27 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan TCTC Investorlar va o‘zaro bog‘liqlik forumida taqdim etiladi.

“O‘zbekiston xalqaro transport-logistika aloqalarini kengaytirish, innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi platformalarini rivojlantirish, mintaqalar o‘rtasida xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlaydigan sheriklikni chuqurlashtirishga ustuvor ahamiyat qaratishda davom etadi. Muloqotlarimiz mintaqalararo bog‘liqlik nafaqat infratuzilma, balki ishonchni mustahkamlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va xalqlarimiz uchun umumiy farovonlik yaratish ekanini yana bir bor tasdiqladi”, – deydi Lyuksemburg mashvaratida qatnashgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.

Ma’lumot o‘rnida: 21 oktyabr kuni Lyuksemburgda O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi hamkorlik kengashining 18-yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

“Mazkur yig‘ilish natijalari hamkorligimizni kengaytirish va umumiy qadriyatlarga asoslangan yanada mustahkam, istiqbolga yo‘naltirilgan sheriklikni shakllantirishda yangi turtki berishiga ishonchimiz komil”, – deb hisoblaydi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring