Turkiy dunyo birdamligi O‘zbekistonga qanday manfaat keltiradi?

Turkiy dunyo bugun o‘z so‘zini aytishga qodir, o‘z yo‘lini belgilay oladigan kuchga ega. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Gabala sammitida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Ularning ba’zilari mamlakatlar rahbarlari tomonidan ma’qullanib, hujjatlarga kiritildi.
Turkiy dunyo uchun dasturilamal
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi kunda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida o‘ttiz beshdan ziyod yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik olib borilayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro savdo hajmi barqaror o‘sib, bu ko‘rsatkich 2030 yilga qadar ikki barobar oshishi kutilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston yetakchisining “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish” tashabbusi Gabala sammitidagi eng muhim g‘oyalardan biri bo‘ldi. Unga ko‘ra, turkiy davlatlar o‘zaro savdo, investitsiya, sanoat va texnologiya sohalarida yagona ekotizim yaratishi lozim.
Shavkat Mirziyoyev taklif etgan “Turkiy davlatlar iqtisodiy sheriklik bo‘yicha doimiy kengash” tuzish va uni Toshkentda joylashtirish tashabbusi O‘zbekistonning mavqeini yanada mustahkamlaydi.
Mashinasozlikdan to “yashil energetika”gacha, qishloq xo‘jaligidan to farmatsevtikagacha bo‘lgan sohalarda “Turkiy sanoat alyansi” g‘oyasi esa kelajak iqtisodiyotining turkiy formulasi sifatida qabul qilinmoqda.
Bugun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda. Prezidentimiz bu yo‘nalishda ham muhim taklifni bildirdi: turkiy davlatlar organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda jahon yetakchilariga aylanishi mumkin. Shu maqsadda organik mahsulotlarimizni yagona brend bilan jahon bozoriga chiqarish g‘oyasi ilgari surildi.
O‘rta koridor hozirda qurilayotgan Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi bilan bog‘lansa, keng mintaqamizda ko‘p tarmoqli, strategik magistrallar tizimi yaratiladi.
Sun’iy intellekt, raqamlashtirish va kreativ iqtisodiyot turkiy hamkorlikning yangi drayverlari sifatida qayd etildi. Ushbu tashabbus turkiy davlatlar uchun innovatsiya va bilim sohasida yagona maydon yaratishga imkon beradi. Bu esa yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Gabala sammiti turkiy xalqlarning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy yaqinlashuvida yangi bosqichni boshlab berdi.
Tashkilotning bizga foydasi
TDT doirasidagi hamkorlik O‘zbekiston uchun bir qator imkoniyatlar eshigini ochadi.
Birinchidan, O‘zbekiston geografik jihatdan tashkilotning markazida joylashgan, transport koridorlarini rivojlantirish biz uchun katta plyus. “O‘rta koridor” va boshqa logistik transport yo‘laklari orqali tovarlarni tezroq, arzonroq va xavfsizroq yetkazib berish mumkin bo‘ladi.
TDT davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish O‘zbekiston mahsulotlari uchun yangi bozorlar ochadi. Mahsulotlarni eksport qilishda transport va bojxona to‘siqlari kamaysa, tadbirkorlarimizga yengillik bo‘ladi.
Hamkor davlatlar bilan birgalikdagi turli sanoat loyihalari, qo‘shma korxonalar, texnologiyalar transferi O‘zbekiston iqtisodiyotiga yordam beradi. Yangi ish o‘rinlari, innovatsiyalarni jalb etish imkoni paydo bo‘ladi.
Ikkinchidan, O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi, havo ifloslanishi, suv resurslari tanqisligi bilan bog‘liq muammolar bor. “Yashil energetika”, qayta tiklanadigan energiya, strategik minerallar, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik bu muammolarga yechim berishi mumkin.
Uchinchidan, turkiy universitetlar, ilmiy loyihalar, adabiy meroslarni birgalikda targ‘ib qilish O‘zbekistonning madaniy nufuzini oshirish, olimlar o‘rtasida malakali almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratadi.
To‘rtinchidan, jahondagi beqarorlik, mojarolar va geosiyosiy ziddiyatlar fonida turkiy davlatlar o‘z manfaatlarini himoya qilish, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va yagona pozitsiyada bo‘lish zarurati bilan yuzma-yuz turibdi. Mintaqaviy va global xavfsizlik tahdidlari sharoitida bir-biri bilan strategik hamkorlik, xavfsizlik aloqa kanallarining ochilishi, hamkor davlatlar bilan tashkil etilgan birgalikdagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston uchun xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim vosita bo‘ladi.
Umuman, turkiy dunyoning birodarligi barcha uchun katta manfaat keltiradi. Agar hamjihat bo‘lsak, savdo hajmlari keskin ortib, mahsulotlarimiz turkiy davlatlar bozorlariga erkin chiqadi, logistika xarajatlari esa ancha kamayadi. Axir, umumiy aholisi 160 milliondan ziyod, 4,25 million kvadrat kilometr hududni qamrab olgan bu tashkilot ulkan iqtisodiy, madaniy va geosiyosiy salohiyatga ega.
L.Tursunov, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter