Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘qituvchisiz dunyo...

O‘qituvchisiz dunyo...

foto: https://yandex.kz/

Tasavvur qiling, erta tong. Quyosh nur sochmoqda. Bolalar maktabga shoshiladi. Ammo sinf xonalarida ularni o‘qituvchilar emas, sun’iy intellekt bilan ta’minlangan interaktiv ekranlar kutib oladi. Har bir o‘quvchi oldida shaxsiy planshet, har bir savolga avtomatik javob va avtomatik baho...

Yana tasavvur qiling, 2157-yil. Maktab degan tushuncha yo‘q, sinfxona yo‘q, parta va qo‘ng‘iroq sadosi ham yo‘q. Bolalar uylarida yolg‘iz, ekran orqali robot-o‘qituvchidan bilim olishadi. Kitobni esa faqat muzeylarda ko‘rish mumkin.

Amerikalik yozuvchi Isaak Asimov «U paytlar qanchalar zavqli edi» (The Fun They Had) hikoyasini 1951- yilda yozgan. U paytlari hali insoniyat sun’iy intellektdan bexabar paytlar edi. Balki hikoyani o‘qiganimizda o‘sha paytlari robot o‘qituvchilar haqida tasavvurga ega bo‘lolmaganmiz. Ammo bugun ko‘rib turibmizki, yozuvchining bashorati to‘g‘ri chiqdi, 2157 yilni kutishga ham hojat qolmayotgandek go‘yo...

Hikoya shunday boshlanadi, 13 yoshli qizaloq Margi Jons bu haqda hatto kundaligida  yozadi: «2157-yil 17 may. Bugun Tommi chordoqdan qog‘ozli kitob topib oldi!»

Ha, bu juda eski kitob edi. Margi esladi, bir paytlar unga  bobosi  barcha hikoyalar va romanlar qog‘ozga bosilganini aytib bergan edi.

Kitob sarg‘aygan, sahifalari titilib ketgan, so‘zlar ekranda harakat qilish o‘rniga bir joyda turar va bu juda kulgili edi.

Bolalar kitob haqida suhbatlashmoqda, uni o‘qib bo‘lgach tashlab yuborishgandir-a, deb o‘ylashadi ular.

– Va bizning kompyuterimizda millionlab kitoblar bor, u yana ko‘p kitoblarni ko‘radi. Men hech qachon ekranni uloqtirmayman, – dedi Tommi.

– Men ham, – dedi Margi.  

Kitobni o‘qiyotgan Tommidan Margi so‘raydi:

– Kitob nima haqida?

– Maktab haqida...

– Maktab haqida-a? – dedi Margi ensasi qotib. – Yozadigan boshqa narsa yo‘qmikan? Men maktabni yomon ko‘raman.   

Margi har doim maktabni yomon ko‘rgan, endi esa har qachongidan ham yomon ko‘rardi. Chunki u geografiyadan imtihonda o‘ta olmagan, ekran-o‘qituvchi esa ishlamay qolgandi.

Ularning uyiga o‘qituvchini tuzatish uchun inspektor keldi.

U kichkina, yuzi qizil, to‘lachadan kelgan odam. Qutisi turli asboblar bilan to‘la edi. U mashina o‘qituvchini qaytadan tuzatdi. Margi uni qayta tiklay olmaydi, deb umid qildi, lekin bir soat yoki undan ko‘proq vaqt o‘tgach, o‘qituvchi tayyor edi, bahaybat, qora va xunuk, katta to‘rtburchak ekran o‘qituvchi savollar berishni boshladi. Margining eng yomon ko‘rgan narsasi uy vazifalari va testlarni topshirishga majburligi edi. U ularni olti yoshida o‘rgatilgan maxsus kodlangan joyga yozishi kerak – mashina o‘qituvchi o‘sha zahotiyoq baholardi.

Ishni tugatgandan so‘ng, inspektor tabassum qildi va Margining boshini silab qo‘ydi. U: «O‘qituvchining ishlamay qolishi qizingizning aybi emas, Jons xonim. Aftidan geografiya fani biroz tezlashib ketgan. Ba’zida shunday bo‘ladi. Men uni oddiy o‘n yillik darajaga tushirdim. Va qizingizning umumiy ko‘rsatkichi juda qoniqarli.»  

Margi hafsalasi pir bo‘ldi. U o‘qituvchini butunlay olib ketishlariga umid qilgan edi. Bir paytlar tarix fani shunaqa noto‘g‘ri ishlay boshlagach,Tommining ekran-o‘qituvchisi bir marta tuzatilish uchun deyarli bir oyga olib ketilgan edi.

Shuning uchun u Tommiga dedi:

– Maktabning nimasi qiziq, nega maktab haqida yozishgan?   

Tommi unga qaradi va:

– Chunki bu maktab bizning maktabga o‘xshamaydi, eski, yuzlab yillar oldingi maktablar, – dedi.

Margi Tommidan katta edi va bu narsalarni bilmasligidan hijolat bo‘ldi.

 «O‘sha paytdagi maktablar qanday bo‘lgan-a?» U bir zum Tommining yelkasi osha harflarga ko‘z yugurtirdi, so‘ng dedi: 

– Ularning o‘qituvchisi bor edi!

– Albatta, lekin bu bizning o‘qituvchidek ekranning ichidagi raqamlardan iborat o‘qituvchi emas, inson edi.  

– Insonmi? Qanday qilib odam o‘qituvchi bo‘ladi, odam bolasi o‘qituvchilik qila olmaydi.

– Albatta, bo‘lishi mumkin... Masalan otam ham o‘qituvchidek ko‘p narsa biladi.

– Bu bo‘lishi mumkin emas. Inson bizning temir o‘qituvchidek ko‘p narsani bila olmaydi.

– Ishonchim komilki, inson o‘qituvchi ham shuncha ko‘p bilimga ega bo‘lgan.

– Uyimizda notanish odam yashashini xohlamayman, – dedi Margi.

Tommi kulib yubordi:

 – Eh, Margi! O‘qituvchilar bolalar bilan yashamagan. Ularning maxsus binosi bo‘lgan va barcha bolalar u yerga borishgan.

– Va hamma bolalar bir xil narsalarni o‘rganishganmi?

– Albatta, axir ularning yoshi teng bo‘lgan.

– Onam aytadiki, o‘qituvchi har bir o‘g‘il yoki qizning ongiga mos bo‘lishi kerak va har bir bola alohida o‘qitilishi kerak.

– Demak, ular o‘sha paytda bunday qilmaganlar. Va agar bu kitob yoqmasa, uni o‘qishing shart emas.

– Men kitob yoqmayapti demadim, – dedi Margi tezda.

U bu g‘alati maktablar haqida o‘qishni xohlayotgandi.

Shu payt Margining onasi: «Margi! Dars boshlandi»,– dedi...

Margi atrofga qaradi...Uning maktabdagi xonasi uyda, yotoqxonasining yonida edi. Xonasiga katta ekran qo‘yilgan, Margi ana shu ekran orqali o‘qiydi, o‘rganadi va o‘sha ekranga imtihon topshiradi.

Ekran yondi va quyidagi so‘zlar paydo bo‘ldi: «Bugun biz arifmetikada to‘g‘ri kasrlarni qo‘shishni o‘rganamiz. Kechagi tayyorlagan uy vazifasini qoldiring...» 

Margi xo‘rsinib itoat qildi. U o‘tmishdagi odamlarning bolaligida bo‘lgan eski maktablar haqida o‘yladi va tasavvur qildi: Mahallaning hamma bolalari maktab hovlisida qichqirib kulishar, darsda birga o‘tirishar, birga uyga ketishardi. Ularning barchasi bir xil narsalarni o‘rganishadi, uy vazifalarini bajarishda bir-birlariga yordam berishadi va bu haqda gaplashishadi. O‘qituvchilar esa inson edi. Ular o‘quvchilar bilan jonli muloqot qilar, yuzma-yuz o‘tirib gaplashar, yaxshi javob bersa bolalarning boshini silab qo‘yar, imtihonlarni diqqat bilan tekshirayotganda har bir o‘quvchiga tabassum qilar yoki mahzun bo‘lib qolardi...

Margi ekranga qaradi, unda shunday yozuvlar paydo bo‘ldi:  «Biz 1/2 va 1/4 kasrlarni qo‘shganda...»  

Margining esa xayoli umuman o‘tmishga ko‘chgan, o‘sha paytda bolalar maktabni qanchalik yaxshi ko‘rishlari va iliq xotiralar bilan xotirlashlari haqida o‘ylardi. U ular qanchalik zavqlangani haqida o‘ylarkan xo‘rsindi: «Eh u paytlar qanchalar qiziqarli bo‘lgan»...

Isaak Asimovning bu qisqa hikoyasi bizga o‘qituvchining o‘rni hayotimizda qanchalar katta ekanligini uqtirayotgandek, texnologiya qanchalik rivojlanmasin, o‘qituvchining o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Kitob qog‘ozga tushgan so‘zlar, maktab bolalarni bir joyga yig‘adigan dargoh, o‘qituvchi esa qalbga nur soladigan inson.

Yozuvchi o‘z asarlarida ilm va texnologiyaning qudratini ko‘rsatgan, ammo bir narsani ham unutmagan: inson ruhi – har qanday mashinadan ustun.

Bilim berish texnika uchun muammo emas, ammo qalbni o‘rganish – faqat insonning qo‘lidan keladi. Chunki o‘qituvchi faqat alifboni emas, balki hayotni o‘rgatadi.

O‘qituvchi avloddan avlodga ilm va tajribani uzatadigan ko‘prik. Agar bu ko‘prik buzilsa, kelajakka hech kim yetib bormagan bo‘lardi. Shuning uchun ham o‘qituvchisiz dunyo – kelajaksiz dunyo.

Yozuvchi hikoyasi orqali bizni ogohlantiradi: texnologiya inson o‘rniga ishlashi mumkin, lekin ustozning o‘rniga emas. Chunki ustozning haqiqiy qudrati bola qalbida iz qoldirishda.

Agar o‘qituvchisiz dunyo haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, u dunyo bilimga to‘la, ammo ma’nosi bo‘sh bo‘lardi. Chunki formula, qoida, misollarni o‘rgatish oson. Lekin bolaga odamiylikni, mehrni, olijanoblikni his qilishni o‘rgatish – buni hech qanday sun’iy intellekt, hech qanday texnika bajara olmaydi.

Odam hayotidagi har bir yorqin yo‘l ortida o‘qituvchining soyasi bor. Biz o‘qituvchidan eshitgan birgina sehrli so‘z butun umrimizning burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Ularning mehnati ko‘pincha ko‘zga ko‘rinmaydi, lekin dunyodagi har qanday ixtiro, har qanday kashfiyot, har qanday asar ular ko‘rsatgan yo‘ldan boshlanadi.

Savol tug‘iladi: agar bir kungina biz «o‘qituvchisiz dunyo»da qolsak, texnologiya rivojlangan, robotlar hamma narsani o‘rgatgan dunyoda... ammo insonning yuragini kim olovlantiradi?

Siz o‘qituvchisiz dunyoni tasavvur qila olasizmi? Axir, o‘qituvchisiz dunyo – nursiz, kelajaksiz dunyo emasmi? 

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring