Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda olimlar soni keskin ko‘paydi

O‘zbekistonda olimlar soni keskin ko‘paydi

Foto: OAK

O‘zbekistonda falsafa doktori — PhD ilmiy darajasiga, shuningdek, xorijiy davlatda olingan fan nomzodi ilmiy darajasi yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajaga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni 15,5 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ushbu ko‘rsatkich 2025-yil 1-yanvar holatiga nisbatan 1,4 ming nafarga yoki 9,9 foizga oshgan.

Shuningdek, 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra fan doktori — DSc ilmiy darajasiga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni 4,8 ming nafarga yetgan. Bu borada o‘sish yil davomida 1,8 ming nafar yoki 60 foizni tashkil etgan.

Joriy yil aprel oyida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov «Jadid» nashriga bergan intervyusida ilmiy ishlarda yuzakilik, ko‘chirmakashlik avj olgani, mansabdorlar orasida fan doktorlari ko‘payganini tanqid qilgan, bunday holatlar mamlakat fani obro‘siga salbiy ta’sir etishini aytgan edi.

Buning ortidan joriy yil may oyida Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Ahmadbek Yusupov lavozimidan ozod etildi. Komissiyaning o‘zi esa Oliy ta’lim vazirligidan Fanlar akademiyasi tizimiga o‘tkazildi.

Umuman, ilmiy daraja berish tizimini isloh qilish haqida ko‘p yillardan buyon takliflar bildirib kelinadi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston prezidentining «Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, 2027-yil 1-yanvardan e’tiboran ilmiy darajalar berishda bir qator talablar bekor qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring