O‘zbekistonda talabalar soni 35 yilda qariyb 5 barobar oshdi
2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarni tashkil etgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yiliga nisbatan 1 million 197,6 ming nafarga yoki qariyb 4,6 barobarga ko‘pdir.
Statistikaga ko‘ra, mustaqillikning ilk o‘quv yilida mamlakatda 337,4 ming nafar talaba tahsil olgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich ma’lum davrlarda pasaygan.
1995/1996-o‘quv yilida talabalar soni 192,1 ming nafarga, 2000/2001 o‘quv yilida esa 183,6 ming nafargacha kamaygan.
Keyingi yillarda o‘sish bosqichma-bosqich tiklangan bo‘lsa-da, eng yuqori sur’at 2020 yildan keyin kuzatildi. Xususan, 2020/2021-o‘quv yilida talabalar soni 571,5 ming nafarni tashkil etgan.
Shundan so‘ng ko‘rsatkich izchil oshib, 2021/2022-o‘quv yilida 808,4 ming, 2022/2023-o‘quv yilida 1 million 42,1 ming, 2023/2024-o‘quv yilida 1 million 314,5 ming, 2024/2025-o‘quv yilida esa 1 million 432,8 ming nafarga yetgan.
2025/2026-o‘quv yilida talabalar soni 1 million 535 ming nafarga chiqib, mamlakat oliy ta’lim tizimi tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter