Amazon O‘zbekistonda o‘zining sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushiradi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida AQShning Amazon Leo kompaniyasi hamda «UZ-SAT» qo‘shma korxonasi o‘rtasida O‘zbekiston hududida yuqori tezlikdagi sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini joriy etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Loyiha doirasida mamlakat aholisi va tashkilotlari Amazon Leo sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi texnologiya, ayniqsa, telekommunikatsiya infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan yoki umuman mavjud bo‘lmagan chekka hududlarni internet bilan ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Amazon Leo tizimi 3 mingdan ortiq past orbitali sun’iy yo‘ldoshlar asosida ishlaydi. Ular yuqori tezlikdagi optik aloqa orqali o‘zaro bog‘langan bo‘lib, yer ustidagi global stansiyalar va internet tarmoqlari bilan integratsiya qilingan.
Foydalanuvchilar tarmoqqa maxsus Amazon Leo Nano, Amazon Leo Pro va Amazon Leo Ultra terminallari orqali ulanishi mumkin bo‘ladi. Bu esa mamlakatning turli hududlarida yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va aholini sifatli internet bilan qamrab olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter