AQSh Xitoyga yetish uchun yana 2,5 mingta atom reaktori qurishi kerak
Xitoy elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda shunchalik ilgarilab ketdiki, yaqin kelajakda bu mamlakatga yetib olish nafaqat qiyin, balki deyarli imkonsiz vazifaga aylandi.
Ammo keling, bu tafovut va uning haqiqiy miqyosini aniqroq tasavvur qilish uchun bir lahzaga quyidagi vaziyatni ko‘z oldimizga keltiraylik: AQSh ushbu chaqiriqni qabul qildi va oradagi farqni qisqartirish uchun quyosh hamda shamol energetikasiga emas, balki yuqori texnologiyali atom energetikasiga ustuvor ahamiyat berdi. Zero, Tramp ma’muriyati ham aynan shu yo‘nalishga katta e’tibor qaratmoqda.
Bugungi kunda Xitoyning elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha umumiy o‘rnatilgan quvvati 4,01 TW (4010 GW)dan oshdi. AQShda esa bu ko‘rsatkich taxminan 1,25 TW (1250 GW)ni tashkil etadi. Demak, Vashington Xitoy bilan tenglashishi uchun qo‘shimcha ravishda 2760 GW quvvatni ishga tushirishi lozim.
Zamonaviy atom elektr stansiyasining bitta energobloki (masalan, Amerikaning eng yangi AP1000 reaktori) o‘rtacha 1,1 GW quvvatga ega. Demak, AQSh Xitoy darajasiga yetish uchun taxminan 2 509 ta shunday atom reaktorini qurishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mamlakatda hozir mavjud bo‘lgan atom energobloklaridan qariyb 26 baravar ko‘p yoki butun dunyoda ayni paytda ishlab turgan atom reaktorlari sonidan taxminan 5,7 baravar ortiq quvvatni anglatadi.
Agar amerikaliklar bu vazifani shartli ravishda «xitoycha zarbdor sur’atlar»da, ya’ni 10 yil ichida bajarishni maqsad qilsa, har yili 250 tadan, har oyda esa 21 tadan atom reaktorini foydalanishga topshirishiga to‘g‘ri keladi. Bu deyarli har yarim kunda bitta yangi energoblok ishga tushirilishini anglatadi.
Endi esa real vaziyatga qaytaylik. AQShdagi «Vogtl» AESining so‘nggi ikkita energobloki 11 yil davomida qurilganini hisobga olsak, mamlakatning hozirgi qurilish sur’atlari saqlanib qolgan taqdirda, Xitoyga yetib olish uchun taxminan 13 799 yil talab etiladi. Ungacha esa Xitoy, ehtimol, Quyosh atrofida Dayson sferasini qurishga ham ulgurgan bo‘lardi.
Biroq bu o‘xshatishlarni bir chetga qo‘ysak ham, Xitoy energetikasida kuzatilayotgan real o‘zgarishlar miqyosi haqiqatan ham hayratlanarlidir. Mamlakat AQSh va Yevropa Ittifoqining umumiy elektr energiyasi quvvatidan 1,7 baravar katta bo‘lgan energetika tizimini shakllantirib, mutlaq jahon rekordini o‘rnatdi. Eng hayratlanarlisi shundaki, Pekin so‘nggi bir teravatt quvvatga atigi ikki yil ichida erishdi.
Shu bilan birga, mamlakat energetikasi jadal sur’atlarda «yashillashmoqda». Musaffo energiya manbalari ulushi 62 foizga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi esa 61 foizga yetdi. Ko‘mirning umumiy energetikadagi hissasi 32 foizgacha qisqardi (taqqoslash uchun: 2010-yilda bu ko‘rsatkich 61 foizni tashkil etgan edi).
Bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan quyosh panellarining qariyb 80 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa, Osmon osti mamlakati sun’iy intellekt, mikrochiplar ishlab chiqaruvchi gigafabrikalar va boshqa strategik yuqori texnologiyali tarmoqlarni barqaror energiya bilan ta’minlash uchun mustahkam energetik poydevor yaratmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter