Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IT-Park ekotizimida davlat tili va raqamli madaniyat

IT-Park ekotizimida davlat tili va raqamli madaniyat

Xalqimizning ko‘p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo‘lgan o‘zbek tili jahondagi eng boy va qadimiy tillardan biridir.

Tarix sahifalarini varaqlasak, 1989-yil 21-oktyabr sanasi el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib va kurashib kelgan «Davlat tili haqida»gi Qonunning qabul qilinishi bilan muhrlanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu qutlug‘ qadam mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligi sari qo‘yilgan dastlabki dadil odim edi. Aynan ana shu tarixiy hujjatga binoan ona tilimiz mustahkam huquqiy asos va yuksak maqomga ega bo‘ldi.

Istiqlol yillarida o‘zbek tili tom ma’noda davlat tiliga aylanib, xalqimizni yurtimizda erkin va ozod, farovon hayot qurishdek buyuk marralarga safarbar etadigan beqiyos kuch sifatida maydonga chiqdi. Bugun O‘zbekistonimiz «Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari» degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning me’moriy va ijtimoiy jihatdan yangi, yanada yuksak bosqichiga ko‘tarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda faol qo‘llanilayotgan tilimiz bugun xalqaro minbarlarda ham baralla yangramoqda.

Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil va suveren davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada avvalo o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini va ona tilini asrab-avaylash hamda rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir. O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5850-son Farmoni qabul qilingan edi.

Aynan ushbu tarixiy Farmon ijrosini ta’minlash bilan birga, o‘zligimizni hamda milliy qadriyatlarimizni yuksak darajada qadrlagan holda, bugun «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» MChJ (IT-Park) jamoasida davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish va xodimlarning yozma nutq savodxonligini yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda IT-Park mamlakatimiz taraqqiyotining drayveri sifatida eng shijoatli va eng yosh jamoalardan biri hisoblanadi. Tashkilotimizning hozirgi kundagi faoliyati global miqyosda nafaqat davlatimiz, balki butun dunyo bozorlarida shiddatli sur’atlarda o‘sib bormoqda. Ushbu ko‘rsatkichlarning kunma-kun, soatma-soat yuksalishiga sababchi bo‘lgan, bir necha xorijiy tillarda bemalol va ravon so‘zlashib, xalqaro munosabatlar hamda hamkorlik ko‘priklarini mustahkamlayotgan ilg‘or, g‘ayratli va tajribali IT mutaxassislarimizning mehnatlari chin dildan tahsinlarga sazovordir!

Quvonarlisi, tizimimizda faoliyat yuritayotgan yuksak intellektual salohiyatli yosh mutaxassislarimiz xalqaro tillarda dunyo bilan erkin muloqot qilish bilan bir qatorda, o‘z ona tilimizning boy jozibasi va nafosatini ham ish faoliyatlarida yuksak madaniyat bilan namoyon etib kelmoqdalar. Zero, global dunyoni raqamli texnologiyalar bilan zabt etayotgan shijoatli yoshlarimizning o‘z ona tillarida professional, mukammal va bekam-ko‘st ijod qilishlari — IT-Park jamoasining o‘ziga xos ma’naviy qiyofasi, milliy g‘ururimizning raqamli olamdagi yorqin aksidir.

E’tiborlisi, davlat tilini e’zozlash va uning nufuzini oshirish faqatgina ichki ish yuritish tizimi bilan cheklanib qolmayapti. Shiddatli sur’atlar bilan hayotimizga kirib kelayotgan raqamli transformatsiya jarayonlarida o‘zbek tilining nufuzi va ravonligini saqlash, uni global texnologiyalar bilan hamqadam etish yo‘lida IT-Park direksiyasi jamoasi strategik muvofiqlashtiruvchi markaz bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan ushbu jamoaning tinimsiz amaliy va tashkiliy ko‘magi ostida bugun ekotizimimizda 18 ta ilg‘or rezident kompaniya samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘zbek tilini raqamli dunyoga mukammal integratsiya qilish, uni sun’iy intellekt va eng zamonaviy texnologiyalar tiliga aylantirish bo‘yicha mislsiz loyihalarni hayotga tatbiq etmoqdalar. Bu esa milliy g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimizning global texnologik tarmoqlarda yashab qolishi, taraqqiy etishi va kelajak avlodga raqamli meros bo‘lib qolishi uchun qo‘yilayotgan ulkan poydevordir.

Xususan, ushbu yo‘nalishda IT-Park jamoasi va fidokorona izlanayotgan rezidentlarimiz hamkorligida davlat tilini raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bugun o‘zining salmoqli mevalarini bermoqda. Mazkur raqamli loyihalar poydevorida o‘zbek tilidagi jonli nutqni beg‘ubor tinglab, insonga javob bera oladigan aqlli ovozli yordamchilar va zamonaviy chat-botlar ekotizimi, ona tilimizning imlo, grammatika hamda punktuatsiya qoidalarini onlayn rejimda benuqson nazorat qiluvchi raqamli himoyachilar, shuningdek, tillararo ko‘prik vazifasini o‘tovchi professional avtomatlashtirilgan tarjima tizimlari muvaffaqiyatli rivojlantirilmoqda.

Eng quvonarlisi, ushbu g‘oyalar nafaqat rasmiy muloqotni, balki kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod dunyoqarashini ham qamrab olib, bolajonlar uchun mo‘ljallangan interaktiv ta’lim platformalari hamda milliy folklorimizni tarannum etuvchi musiqiy raqamli multseriallar orqali yosh qalblarda ona tiliga bo‘lgan cheksiz muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Ko‘p til bilish — bu bizning boyligimiz, dunyoga ochilgan eshigimiz va global bozordagi eng katta ustunligimizdir. Biroq o‘zbek tili — bu bizning o‘zligimiz, qalbimiz va milliy ruhimizdir! Kelajak texnologiyalarini yaratayotgan shijoatli IT-Park jamoasi va uning rezidentlari davlat tilini raqamlashtirish va yozma nutq savodxonligi bo‘yicha ham barchaga namuna bo‘lishda davom etadi.

Fursatdan foydalanib, barcha aziz hamkasblarimizni va yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan chin qalbdan muborakbod etamiz! Tillari dunyoni, dillari o‘zligini asragan qahramonlarimizga zafarlar yor bo‘lsin!

Azamat Karamatov,
«Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi» MChJ
bosh direktori

Jahongir Radjabov,
ijrochi direktor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring