Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh shov-shuvli o‘g‘rilik ortida kim turganini ma’lum qildi

AQSh shov-shuvli o‘g‘rilik ortida kim turganini ma’lum qildi

Foto: Shutterstock

Joriy hafta Binance kriptovalyuta birjasiga uyushtirilgan yirik hakerlik hujumi ortida Shimoliy Koreya turibdi. Bu haqda AQSh Federal tergov byurosi ma’lum qildi.

«2026-yil 29-oktyabr kuni Binance kriptovalyuta birjasidan 6 milliard dollardan ziyod virtual aktivlarni o‘g‘irlash uchun javobgarlik Koreya Xalq Demokratik Respublikasi gardanida», — deyiladi Federal tergov byurosi bayonotida.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya hukumati dastaklaydigan TraderTraitor hakerlik guruhi so‘nggi kunlarda kiberfaollik ko‘rsatgan va o‘g‘irlangan aktivlarni Ethereum platformasida konvertatsiya qilgan. 

TraderTraitor 2020-yildan buyon zararli dasturlar orqali kriptovalyuta va blokcheyn tizimlariga hujum qilgani aytiladi.

Avval xabar berganimizdek, dunyoda eng yirik sanalgan Binance kriptobirjasi xavfsizlik bilan bog‘liq muammo yuz berganini rasman tan oldi.

Taxminlarga ko‘ra, hakerlar kompaniya dasturchilaridan birining noutbukini buzib kirib, kriptobirjadan mablag‘larni o‘g‘irlagan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy zarar taxminan 6,3 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Binance kompaniyasi bosh direktori Richard Teng o‘g‘irlangan barcha mablag‘lar qoplab berilishini aytgan.

AQSh Federal tergov byurosining ushbu shov-shuvli o‘g‘rilik bo‘yicha xulosasi ekspertlar fikri bilan uyg‘un kelganini kuzatish mumkin. Bir muddat oldin kriptovalyuta tranzaksiyalarini kuzatuvchi tahlilchilar ham ushbu hujumni Shimoliy Koreyaning Lazarus guruhiga tegishli TraderTraitor bo‘linmasi bilan bog‘lagan edi.

Shimoliy Koreya hukumatiga yaqin hakerlar guruhi ko‘p yillardan buyon mablag‘ o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib keladi.

Microsoft kompaniyasi tayyorlagan kiberxavfsizlikka doir hisobotga ko‘ra, ular 2017-2024-yillarda 3 milliard dollar miqdoridagi kriptovalyutalarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.

BMT ham Pxenyan hukumati nazoratidagi hakerlar 2022-yil davomida 1-milliard dollar miqdoridagi mablag‘larni o‘marganini tasdiqlagan.

Kim Chen In ma’muriyatining yadro tadqiqotlari va raketa sinovlari dunyo ahlini tashvishga solayotgani ma’lum. O‘marilgan mablag‘lar aynan Pxenyanning yadro dasturini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring