Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh talabalar va xorijlik jurnalistlar uchun viza qoidalarini kuchaytiryapti

AQSh talabalar va xorijlik jurnalistlar uchun viza qoidalarini kuchaytiryapti

AQSh ma’muriyati xorijlik talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun viza berish tartibini qat’iylashtirishni rejalashtirmoqda. Yangi qoidalar sentyabr oyi o‘rtalaridan kuchga kirishi kutilmoqda.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, talabalar uchun beriladigan vizalar endi ta’lim dasturi muddati bilan cheklanadi, biroq uning amal qilish davri eng ko‘pi bilan 4 yil bo‘ladi. AQSh Ichkiy xavfsizlik vazirligi bu o‘zgarishlar xorijliklar ustidan nazoratni kuchaytirishga xizmat qilishini bildirdi.

Yangi tartib, ayniqsa, o‘qish muddati to‘rt yildan ortiq davom etadigan talabalar hamda doktoranturada tahsil olishni rejalashtirayotganlarga ta’sir qilishi mumkin.

Shuningdek, xorijlik jurnalistlar uchun beriladigan vizalarning amal qilish muddati 240 kun etib belgilanmoqda. Zaruratga qarab uni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi. Ilgari xorijlik muxbirlar belgilangan talablarga rioya qilgan holda AQShda yillar davomida faoliyat yuritishi mumkin edi.

Xitoylik jurnalistlar uchun esa viza muddati yanada qisqartirilib, 90 kun qilib belgilanishi rejalashtirilgan. AQSh rasmiylari bu qarorni viza tizimidan ehtimoliy suiiste’mollarning oldini olish bilan izohlamoqda.

ZDF ma’lumotiga ko‘ra, yangi talablar AQShda akkreditatsiyadan o‘tgan 1 500 dan ortiq xorijiy jurnalist faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin.

«Chegara bilmas muxbirlar» va Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) kabi xalqaro tashkilotlar tashabbusni tanqid qilib, bu choralar xalqaro OAVning AQShda uzoq muddatli faoliyatini qiyinlashtirishini ta’kidladi.

Pekin esa ushbu choralarni «kamsituvchi» deb baholab, ularni bekor qilishni talab qildi hamda zarur hollarda javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring