Birinchi marta inson Shamonda virusidan vafot etdi
Dunyoda birinchi marta Shamonda virusi (Chamoiz virus) odamga yuqdi va uning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Shu paytgacha bu virus faqat hayvonlarda uchragan.
Immuniteti juda zaiflashgan bemor oktyabr oyi boshidan buyon Fransiyaning Lion shahridagi shifoxonada davolanayotgan edi — u 22-oktyabrda vafot etgan.
O‘limidan oldin bemorda jiddiy asab tizimi kasalliklari (nevrologik asoratlar) kuzatilgan. Fransiya qishloq xo‘jaligi vazirligining dastlabki xulosasiga ko‘ra, bunga katta ehtimol bilan ushbu infeksiya sabab bo‘lgan. Kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha Yevropa markazi virus bemor o‘limiga bevosita sabab bo‘lgan-bo‘lmaganini o‘rganmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, Fransiya sharqida mayda qon so‘ruvchi hasharot — ignapashsha chaqishi oqibatida ushbu virus insonga yuqqan. Bu yerlarda bahor va yozda hayvonlarda Shamonda virusi aniqlangan edi.
Ma’lumot uchun: Shamonda virusi ilk bor 1965-yilda Nigeriyada aniqlangan. U asosan chorva mollariga, jumladan, sigir va echkilarga yuqadi. 2026-yilning yozida bu virus birinchi marta Germaniyadagi yirik qoramollarda, keyinchalik otlarda ham aniqlandi. Keyin Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham hayvonlarning Shamonda bilan kasallanishi qayd etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter