Eron va AQSh delegatsiyalari muzokaralar uchun Islomobodga yetib keldi
Eron Islom kengashi majlisi (parlament) raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya AQSh bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Pokiston poytaxti Islomobodga yetib keldi, deb xabar berdi Pars Today.
Eron delegatsiyasi tarkibidan xavfsizlik, siyosat, harbiy, iqtisodiy va huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitalar o‘rin olgan. Qolibofga ushbu safarda mamlakat tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Arakchi (Iroqchi), Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Akbar Ahmadiyon, Markaziy bank raisi Abdunnosir Himmati hamda bir guruh parlament deputatlari hamrohlik qilmoqda.
Eron tomoni muzokaralar faqatgina qarshi tomon Tehron ilgari surgan dastlabki shartlarni qabul qilgan taqdirdagina boshlanishini bildirgan. Xususan, Qolibof muzokaralar oldidan Livanda o‘t ochishni to‘xtatish va Eronning muzlatilgan aktivlarini ozod qilish talablari bajarilishi shartligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Islomobodga AQSh delegatsiyasi tarkibida mamlakat vitse-prezidenti Jey Di Vens, shuningdek, maxsus vakil Stiv Uitkoff va prezidentning kuyovi Jared Kushner ham kelgan. Pokiston tomoni ushbu uchrashuvni mintaqaviy keskinlikni pasaytirish yo‘lidagi «hal qiluvchi bosqich» deb atamoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter