Fransiya parlamenti ham e’tiroz, ham e’tirof uyg‘otgan qonunni ma’qulladi
Fransiya Milliy majlisi bedavo xastaliklarga chalingan bemorlarga o‘zini o‘ldirish uchun maxsus dori-darmon ichish huquqini beruvchi qonuni qabul qildi. Deputatlarning 291 nafari qonunni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 241 nafari qarshi ovoz bergan.
Reuters agentligi aniqlik kiritishicha, evtanaziya haqidagi ushbu qonun fransuz jamiyati hamda parlamentida ko‘p yillardan buyon keskin bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelmoqda edi.
Emmanuel Makron prezidentlik davrining ikkinchi muddatida evtanaziya haqidagi qonun qabul qilinishiga va’da bergan, buni “hayot bilan vidolashuvning fransuzcha modeli” deb atagan edi.
Qonun loyihasi hatto hukumatning o‘zida ham e’tirof va e’tiroz uyg‘otgan.
Asosan muhofazakor qatlam jamlangan Senat evtanaziyaga qarshi ovoz bergan. Ammo mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra so‘nggi so‘zni quyi palata aytadi.
Milliy majlis ma’qullagan qonun loyihasini Konstitutsiyaviy kengash ko‘rib chiqishi va tuzatishlar kiritishi ham mumkin.
Joriy yil fevral oyida Ifop markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovda fransuzlarning 84 foizi ixtiyoriy o‘limni qonuniylashtirishni yoqlagan. Diniy tashkilotlar, jumladan, katolik cherkovi bunga qarshi chiqqan.
Qonunga muvofiq, bemorga ajal dorisi qat’iy shartlarga ko‘ra beriladi. Fransiyaning voyaga yetgan fuqarolari yoki mamlakatda qonuniy asosda yashovchi chet elliklar ushbu huquqdan foydalanadi. Evtanaziya amaliyoti og‘ir va bedavo xastalikka chalingan, bu bilan bog‘liq muttasil jismoniy va ruhiy qiynoqlar his qilayotgan bemorlarga tatbiq etiladi.
2022 yilda fransiyalik mashhur aktyor Alen Delon evtanaziya orqali hayot bilan vidolashishga tayyorligini e’lon qilgan edi.
Keyinroq uning oilasi bu xabarni rad etgan. Aktyor 2024 yilda 88 yoshida o‘z uyida vafot etgan.
Dunyo bo‘ylab sanoqli davlatlarda bemorning ixtiyoriy ravishda hayot bilan vidolashuviga qonunan ruxsat berilgan. Ayni paytda Niderlandiya, Belgiya, Shveysariya, Lyuksemburg, Kanada, Kolumbiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Avstraliya va AQShning ayrim shtatlarida “o‘lim huquqi”ni qonunan amalga oshirish mumkin.
Niderlandiya 2002 yilda dunyoda ilk bor evtanaziyaga qonunan ruxsat bergan. Mamlakat qonunining ikki karra bahsli jihati shundaki, undan 12 yoshga to‘lgan bemor ham foydalanishi mumkin.
2022 yilda Avstriyada, 2023 yilda esa Portugaliyada bu haqdagi qonun kuchga kirgan.
Evtanaziya yunoncha “eu” (yaxshi) va “thanatos” (o‘lim) so‘zlaridan yasalgan bo‘lib, “yaxshi o‘lim” degan ma’noni bildiradi. Bu zamonaviy jamiyatning eng og‘riqli va bahsli masalalari sirasiga kiradi.
Ko‘p sonli olimlar evtanaziyani o‘z joniga qasd qilish o‘laroq tanqidiy baholaydi va unga qonuniy ruxsat berilishini qoralaydi. Samoviy dinlar, xususan, islomda ham Yaratgan omonat o‘laroq bergan jon ne’matiga qasd qilish gunohi kabira hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter