Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi shartli ozodlikka chiqarildi
Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi noqonuniy saylov moliyalashtirish ishi bo‘yicha shartli ravishda ozod etildi. Bu haqda Fransiyaning RTL radiostansiyasi Parij apellyasiya sudiga tayanib xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, 71 yoshli siyosatchi olti oylik jazoni o‘tashdan ozod qilindi va unga elektron moslama taqish talabi ham qo‘yilmadi. Qaror 5 may kuni qabul qilingan bo‘lib, 7 maydan kuchga kiradi.
Gap Sarkozining 2012-yilgi prezidentlik saylov kampaniyasi bilan bog‘liq «Bigmalion» ishi haqida bormoqda. Ushbu PR-agentlik orqali kampaniya xarajatlari noqonuniy ravishda moliyalashtirilgani aniqlangan.
2021 yilda sud Sarkozini aybdor deb topib, avval bir yillik qamoq jazosi tayinlagan edi. Keyinchalik jazo yengillashtirilib, olti oylik qamoq va uni elektron nazorat billagini taqish bilan almashtirish imkoniyati berilgan.
Shu bilan birga, Sarkozi 2007 yilgi prezidentlik kampaniyasini moliyalashtirish bilan bog‘liq yana bir ish doirasida sud jarayonida ishtirok etishda davom etmoqda. Unda Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qaddafiydan moliyaviy yordam olingani haqida ayblovlar ilgari surilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter