Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiyadagi yana bir muzeyidan qimmatbaho eksponatlar o‘g‘irlandi

Fransiyadagi yana bir muzeyidan qimmatbaho eksponatlar o‘g‘irlandi

Fransiyada joylashgan mashhur Lalique muzeyida yirik o‘g‘irlik sodir etildi. Noma’lum shaxslar muzeydan umumiy qiymati 4 million yevrogacha baholanayotgan 20 ga yaqin noyob eksponatni o‘g‘irlab ketgan.

Le Parisien nashrining manbalariga ko‘ra, o‘g‘irlik 5 iyul kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Jinoyatchilar muzey eshigini buzib kirgan, oltita shisha vitrinani sindirgan va qimmatbaho eksponatlarni olib, hech qanday to‘siqsiz hududni tark etgan.

Ma’lum qilinishicha, muzey xavfsizlik signalizatsiyasi bilan jihozlangan bo‘lib, hodisa vaqtida tizim ishga tushgan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlarga birinchi bo‘lib qo‘riqlash xizmati emas, balki muzey farroshi xabar bergan. Hozirda nima sababdan xavfsizlik xizmati tezkor chora ko‘rmagani o‘rganilmoqda.

Manbalarning ta’kidlashicha, 2025-yil oktyabr oyida Luvr muzeyida yuz bergan o‘g‘irlikdan keyin Lalique muzeyi «alohida nazorat» ostiga olingan edi. Shunga qaramay, mavjud xavfsizlik tizimlari noyob eksponatlarni himoya qilish uchun yetarli bo‘lmagan.

Lalique muzeyi fransuz zargari va shisha san’ati ustasi Rene Lalik hamda uning izdoshlari ijodiga bag‘ishlangan. Rene Lalik ar-nuvo va ar-deko uslublarida yaratilgan bezak san’ati asarlari bilan jahonga mashhur hisoblanadi.

Hozirda politsiya o‘g‘irlangan eksponatlarni qidirish va jinoyatchilarni aniqlash bo‘yicha tergov ishlarini olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Luvrda o‘g‘irlangan osori-atiqalar 88 mln yevroga baholangandi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring