Lukashenko Zelenskiydan uzr so‘radi
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko uning mamlakati Ukrainaga tahdid tug‘dirmasligini aytdi. Lukashenko Ukrainaga qarshi oldin bergan bayonotlari yuzasidan uzrxohlik qilar ekan, Belarus sha’niga aytilgan tahdidlarga javoban shunday yo‘l tutganini ma’lum qildi.
«Agar (Ukraina prezidenti) Vladimir Aleksandrovichning (Zelenskiy) ko‘ngli og‘rigan bo‘lsa, o‘sha so‘zlar uchun kechirim so‘rayman. U urush holatida ekanini inobatga olsak, bu gaplarni aytmaganim ma’qul edi. Ehtimol, ushbu mavzuda bu qadar keskin fikr bildirish kerak emas edi. Lekin boshqa tomondan, u ham tushunishi kerakki, odam nima eksa, shuni o‘radi», — degan Belarus rahbari.
Lukashenko Zelenskiyni “yosh va tajribasiz” deb sifatlar ekan, Belarus haqida so‘z borganda tiliga ehtiyot bo‘lishni ham eslatgan.
Ukraina hukumati Belarusni Rossiyaning bosqinchilik urushiga ko‘mak berishda ayblab keladi. Jumladan, joriy yil fevral oyida Zelenskiy “ukrainaliklarni o‘ldirishga ko‘mak bergani” sabab Lukashenkoga qarshi sanksiya joriy etdi.
Zelenskiyning fikricha, Lukashenko shaxsiy hokimiyatini mustahkamlash uchun Belarus suverenitetini sotmoqda va Rossiyaga sanksiyalarni aylanib o‘tishda yordam bermoqda.
Ukraina tomoniga ko‘ra, Belarusdagi 3000 dan ziyod korxona Rossiyaga raketa ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib bermoqda. Belarus, shuningdek, o‘z hududida “Oreshnik” ballistik raketalarini joylashtirgan. 2025-yildan Belarus korxonalari Rossiyani ushbu qurol uchun zaruriy komponentlar bilan ta’minlamoqda.
May oyida Zelenskiy Rossiya–Belarus yadroviy mashg‘ulotlari o‘tkazilishi fonida Ukraina shimoliga nisbatan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan harbiy tahdidlar sababli Kiyev Moskva va Minsk rahbariyatiga qarshi preventiv choralar ko‘rishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.
Aprel oyida esa Zelenskiy Belarus Ukraina chegarasi yo‘nalishida yo‘llar qurayotgani va Ukraina yaqinida artilleriya joylashtirayotganini aytgan edi.
Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari qo‘mondoni Robert Brovdi ham harbiylar Belarus hududidagi 500 ta ehtimoliy nishonni aniqlab bo‘lganini ma’lum qilgan va Lukashenkoni Minskning Rossiya tomonidan urushga tortilishi oqibatidan ogohlantirgan edi.
Lukashenko bunga javoban agar Belarus xavfsizligiga tahdid tug‘ilsa, Ukraina hududidagi “juda jiddiy nishon”ga zarba berish bilan tahdid qilgan edi.
Darvoqe, Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Lukashenkoning Zelenskiydan kechirim so‘rashiga munosabat bildirarkan, hech qanday uzr-ma’zur bosqinchilik urushida ishtirok etish aybini yuvolmasligini aytgan. Tixanovskaya, shuningdek, Lukashenko Ukrainani ko‘pdan buyon Rossiyaga taslim bo‘lishga undab kelganini ham eslatgan.
Darhaqiqat, Aleksandr Lukashenko bir necha yildan buyon Ukrainani harbiy harakatlarni to‘xtatishga chorlab keladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter