Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

TIIF-2026: Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining Investitsion portali xorijliklar e’tiborida!

Poytaxtimizda yuqori saviyada bo‘lib o‘tgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiyoti uchun nafaqat yirik kelishuvlar, balki raqamli texnologiyalarning namoyish maydoniga ham aylandi.

Forum doirasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi o‘zining innovatsion stendi bilan ishtirok etdi. Markaz mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan raqamli ekotizim va yangi Investitsion portal chet ellik biznes vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan xorijlik investorlar va yirik xalqaro korporatsiyalar vakillari Markaz stendida O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Aytish joizki, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash xavfsizligi, kiberhimoya hamda tizimlarning barqarorligi xalqaro sarmoyadorlar uchun eng muhim kafolatlardan biridir.

Aynan shu jihati davlat va biznes o‘rtasidagi muloqotni to‘liq raqamlashtirgan, yuzlab xizmatlarni masofaviy shaklga keltirgan tizim sifatida alohida e’tirof etildi.

Markazning yetakchi mutaxassislari har bir xorijlik mehmonga ushbu qulay platformalardan amaliyotda qay tartibda foydalanish, tizimlarning ishlash algoritmlari va ular taqdim etadigan iqtisodiy samaradorlik xususida batafsil ma’lumot berishdi.

Ko‘rgazmaning eng qizg‘in muhokama qilingan va xorijlik sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etgan asosiy yangiligi — «Investitsion portal» bo‘ldi.

Markazning yetakchi mutaxassislari mehmonlarga portal orqali O‘zbekistonga investitsiya jalb qilish uchun qanday yo‘l tutish lozimligini, kompaniya nomini zahiralashdan tortib, MChJ yoki qo‘shma korxona ochish, litsenziyalar olish, yer maydonlarini auksiondan sotib olish va soliq masalalarini masofadan hal etish jarayonlari qay tartibda amalga oshirilishini qadamma-qadam tushuntirib berishdi.

Elektr, gaz, suv kabi infratuzilma tarmoqlariga ulanishdan tortib, erkin iqtisodiy zonalardan joy ajratilishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarning raqamli formatga o‘tkazilgani O‘zbekistonning xalqaro biznes reytinglardagi o‘rnini keskin yuqoriga ko‘tarishi shubhasiz.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi nafaqat tayyor mahsulotni namoyish etdi, balki O‘zbekistonning zamonaviy tendensiyalarga moslasha olayotgan, ochiq va xavfsiz raqamli davlatga aylanganini amalda isbotladi. Ko‘rgazma maydonidagi bevosita muloqotlar va xorijliklarning yuqori qiziqishi yaqin istiqbolda mamlakatimizga raqamli kanallar orqali yangi kapital oqimi kirib kelishini ta’minlaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring