Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Luvrdagi yirik o‘g‘rilikdan keyin qimmatbaho eksponatlar Fransiya banki omboriga ko‘chirildi

Luvrdagi yirik o‘g‘rilikdan keyin qimmatbaho eksponatlar Fransiya banki omboriga ko‘chirildi

Foto: BILD_Russian

Parijda sodir bo‘lgan shov-shuvli o‘g‘rilikdan so‘ng, Luvr muzeyi rahbariyati qolgan noyob asarlar va zargarlik buyumlarini xavfsiz joyga — Fransiya bankining yer ostidagi omborlariga ko‘chirishga qaror qildi.

Avvalroq jinoyatchilar bir necha daqiqa ichida taxminan 88 million yevrolik qimmatbaho buyumlarni o‘g‘rilab ketishgan edi. RTL va BFMTV ma’lumotlariga ko‘ra, Apollon galereyasiga tegishli bo‘lgan ayrim toj taqinchoqlar politsiya kuzatuvi ostida 26 metr chuqurlikda joylashgan bank omborlariga joylashtirilgan. Bu yerda mamlakatning oltin zaxiralarining qariyb 90 foizi ham saqlanadi.

Manbalar ta’kidlashicha, muzey kolleksiyasini bunday tarzda ko‘chirish — misli ko‘rilmagan holat. Ayni omborxonada Leonardo da Vinchining qiymati 600 million yevrodan ortiq bo‘lgan mashhur daftarlari ham mavjud. Ammo muzey tomonidan qaysi eksponatlar ko‘chirilgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

Shov-shuvli o‘g‘rilik 20 oktyabr kuni ertalab sodir bo‘lgan. Libérationning yozishicha, qurollangan va niqoblangan to‘rt nafar shaxs videokuzatuv kameralari qamrab olmagan «o‘lik zona» orqali muzeyga kirgan. Ular ko‘targich, oyna kesgich va benzin arralar yordamida vitrinalarni buzib, buyumlarni olib, motorollerlarda qochib ketishgan.

Muzey xavfsizlik tizimi bo‘yicha jiddiy savollar paydo bo‘ldi: 1,3 kilometrlik perimetrda bor-yo‘g‘i beshta kamera faoliyat yuritgan, ularning ba’zilari ishlamagani aniqlangan. Fransuz politsiyasi hozirda jinoyatchilarni qidirmoqda va surishtiruvga Isroildan ekspertlar ham jalb etilgan. Shu bilan birga, Luvr xodimlaridan biri bu ishga aloqador bo‘lishi ehtimoli tekshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring