Luvrdagi o‘g‘rilik bo‘yicha ikki nafar gumonlanuvchi qo‘lga olindi
Fransiya politsiyasi Luvr muzeyida sodir etilgan yirik o‘g‘rilik ishi bo‘yicha ikki nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Bu haqda mahalliy Le Parisien nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi gumonlanuvchi Ruassi–Sharl-de-Goll aeroportida Jazoirga parvoz qilish arafasida ushlangan. Ikkinchisi esa Parijning Sen-Sen-Deni tumanida sud politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan. Amaliyot Fransiya Ichki ishlar vazirligining bosqinchilikka qarshi kurash bo‘linmasi ishtirokida o‘tkazilgan.
Mazkur shaxslar «tashkiliy o‘g‘rilik» va «jinoyat sodir etish maqsadidagi jinoiy til biriktirish» moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Ular avval ham turli kichik o‘g‘riliklar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun politsiya e’tiborida bo‘lgan. Tergovchilarning fikricha, jinoyatda jami to‘rt nafar shaxs ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Luvrdagi o‘g‘irlik 19-oktyabr kuni sodir bo‘lgan. O‘g‘rilar bir necha daqiqa ichida muzeyning Apollon galereyasiga kirib, tarixiy ahamiyatga ega to‘qqizta noyob zeb-ziynatni o‘g‘irlab ketishgan. Oltin va brilliantdan yasalgan ushbu asarlarning umumiy qiymati taxminan 88 million yevro deb baholanmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter