Osiyo davlatlari Trampning bayonoti ortidan mudofaa xarajatlarini oshirmoqda
Osiyo davlatlari AQSh prezidenti Donald Trampning KXDR rahbari Kim Chen In bilan ehtimoliy uchrashuvi va Janubiy Koreya bilan harbiy mashg‘ulotlar ko‘lamini qisqartirish haqidagi bayonotlari ortidan o‘z mudofaasi uchun xarajatlarni oshirmoqda. Bu haqda Politico nashri Osiyo diplomatlari va boshqa manbalarga tayanib xabar berdi.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan muloqot qilib turganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u joriy yilda KXDR rahbari bilan uchrashishga umid qilayotganini aytgan.
«Bu hafta Tramp Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar ko‘lami qisqartirilishini ma’lum qildi, chorshanba kuni esa yil oxiriga qadar Kim Chen In bilan uchrashishini aytdi. Bu mintaqa davlatlarini mudofaa xarajatlarini oshirish va muqobil hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga undamoqda», — deya xabar bergan nashrga diplomatlar va boshqa manbalar.
Osiyolik diplomatlardan biri mintaqa davlatlari «o‘zini o‘zi ta’minlash»ga e’tibor qaratishini ta’kidladi.
«Menimcha, bunday imkoniyatga ega bo‘lgan davlatlar uzoq muddatda AQShning “xavfsizlik qalqoni”ga qaramlikni kamaytirish uchun o‘z mudofaasiga ko‘proq sarmoya kiritadi», — deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.
Osiyolik diplomatlardan yana biri mintaqa davlatlari havo va raketaga qarshi mudofaa tizimlarini xarid qilish, harbiy obyektlarni mustahkamlash, shuningdek, Avstraliya va Yevropa harbiy kuchlari bilan hamkorlikni kuchaytirishga sarmoya kiritishi mumkinligini ta’kidladi.
Tramp 16 avgust kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida KXDR rahbari Kim Chen In bilan «juda yaxshi munosabatlari»ni hisobga olgan holda, AQShning uzoq vaqt davomida Janubiy Koreya bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarda ishtirok etib kelgani unga yoqmasligini yozgan.
KBS ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp mudofaa vaziri Pit Xegsetga ikki davlatning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ko‘lamini sezilarli darajada qisqartirishni topshirgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter