Pentagon rahbari prezidentlik saylovida qatnashish niyati yo‘qligini aytdi
AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset NBC News telekanalining 2028-yilgi prezidentlik saylovida qatnashish ehtimoli haqidagi xabarini inkor qildi.
«Bu 100 foiz yolg‘on. Biz bu haqda NBC’ga aytdik, ammo ular anonim “manbalar”ga tayanib yolg‘on tarqatishda davom etmoqda», – deb yozdi Xegset X ijtimoiy tarmog‘ida.
U o‘zining asosiy va yagona vazifasi Pentagonga rahbarlik qilish ekanini ta’kidladi.
Bundan avval NBC News ikki manbaga tayanib, Xegset so‘nggi oylarda yaqin do‘stlari va tanishlari bilan 2028 yilgi prezidentlik saylovida nomzodini ilgari surish imkoniyatini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi. Telekanalga ko‘ra, bu masala uning rafiqasi Jennifer tomonidan ham muhokama qilingan.
Pentagon esa maqola e’lon qilinishidan oldin ham mazkur ma’lumotlarni rad etgan. Vazirlik Xegset prezidentlikka nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayotgani va uning ustuvor vazifasi mudofaa idorasiga rahbarlik qilish ekanini bildirgan.
Xegsetning avgust oyida Ayova shtatiga safari ham uning siyosiy rejalari haqidagi taxminlarni kuchaytirgan. U yerda u respublikachi kongressmen Zak Nanni qo‘llab-quvvatlash tadbirlarida ishtirok etgan. Ayova an’anaviy ravishda AQSh prezidentlik kampaniyasida muhim shtatlardan biri hisoblanadi.
2028-yilgi saylovda Respublikachilar partiyasidan ehtimoliy nomzodlar sifatida vitse-prezident Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio ham tilga olinmoqda.
Donald Tramp avvalroq Vens va Rubioni «orzudagi jamoa» sifatida ta’riflagan. AQSh OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik Tramp Vensni o‘zining ehtimoliy siyosiy vorisi sifatida ko‘ra boshlagan.
Hozircha na Vens, na Rubio 2028-yilgi prezidentlik saylovida qatnashishini rasman e’lon qilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter