Ukraina nega Moskvadagi Wildberries omborlariga hujum qildi?
Ukraina tomonidan Moskva viloyati va Tambov viloyatida joylashgan Wildberries logistika markazlariga uyushtirilgan dron hujumlari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hodisa oqibatida insonlar halok bo‘lgan va jarohatlangan, minglab tadbirkorlarning tovarlari esa yong‘inda yo‘q bo‘lgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumlar Rossiyaning logistika infratuzilmasiga qaratilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nishonga olingan logistika markazlarida dronlar ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlar hamda navigatsiya uskunalari saqlangan. Shuningdek, u bu hujumlarni Rossiyaning Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga bergan zarbalariga javob sifatida baholadi.
Rossiya tomonining ma’lum qilishicha, hujumlar oqibatida Tambov viloyatidagi logistika markazida kamida 8 nafar inson halok bo‘lgan, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan. Moskva viloyatidagi Elektrostal shahridagi yirik logistika markazida ham kuchli yong‘in yuz bergan.
Elektrostal logistika markazi Wildberries’ning eng yirik obyektlaridan biri hisoblanadi. Uning maydoni 360 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, minglab xodimlar faoliyat yuritgan. Tambov viloyatining Kotovsk shahridagi logistika markazi esa 2025-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 54 milliongacha tovarni saqlash imkoniyatiga ega.
Hujumlar natijasida omborlarda saqlangan minglab sotuvchilarning tovarlari ham yonib ketgan. Biroq Wildberries kompaniyasi bunday holatda kompensatsiya to‘lamasligini ma’lum qildi. Kompaniya iyul oyi boshida sotuvchilar bilan tuzilgan shartnomaga o‘zgartish kiritib, dron hujumlari, harbiy harakatlar va favqulodda vaziyatlarni fors-major holati sifatida belgilagan. Shu bois bunday vaziyatlarda yetkazilgan zarar uchun marketpleys javobgar bo‘lmaydi.
Bu qaror ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ko‘plab sotuvchilar o‘z tovarlarini sug‘urtalashga ulgurmaganini, natijada millionlab rubllik zararga uchraganini bildirmoqda.
Ommaviy axborot vositalarida keltirilayotgan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘inlar oqibatida yetkazilgan umumiy zarar 50 milliard rubldan ortishi, ayrim ekspertlar bahosiga ko‘ra esa 100 milliard rublgacha yetishi mumkin. Biroq mazkur raqamlar hozircha rasman tasdiqlangan emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter