Qishloq xo‘jaligidagi transformatsiya – klasterlar, oziq-ovqat xavfsizligi va taraqqiyot modeli
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida mamlakat iqtisodiyotida amalga oshirilgan eng muhim islohotlardan biri qishloq xo‘jaligi sohasida yuz bergan tub o‘zgarishlar bo‘ldi.
Keyingi yillarda tarmoqda ma’muriy boshqaruvdan bozor iqtisodiyoti tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tish, yer munosabatlarini liberallashtirish, klaster tizimini joriy etish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Natijada qishloq xo‘jaligi nafaqat mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, balki eksport daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va qishloq aholisi turmush darajasini yuksaltirishning muhim drayverlaridan biriga aylandi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida soha asosan davlat buyurtmasiga tayangan holda rivojlangan bo‘lsa, keyingi bosqichda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va fermerlarning iqtisodiy mustaqilligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayon Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan qator farmon va qarorlar hamda 2020–2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi asosida izchil amalga oshirilmoqda.
Islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri klaster tizimini joriy etish bo‘ldi. Ilgari fermerlar asosan xomashyo yetishtiruvchi sifatida faoliyat yuritgan bo‘lsa, yangi tizimda urug‘lik tayyorlashdan tortib mahsulotni qayta ishlash, saqlash, logistika va eksportgacha bo‘lgan yagona qiymat zanjiri shakllantirildi. Bu esa investitsiyalar jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligini oshirish imkonini berdi.
Ayniqsa, paxta-to‘qimachilik klasterlari mamlakat iqtisodiyotida katta o‘zgarishlarni boshlab berdi. Ilgari paxta asosan tola ko‘rinishida eksport qilingan bo‘lsa, bugun uning katta qismi mamlakatning o‘zida qayta ishlanib, ip-kalava, gazlama va tayyor to‘qimachilik mahsulotlariga aylantirilmoqda. Bu esa eksportdan olinadigan qo‘shimcha qiymatni bir necha barobar oshirish imkonini yaratdi. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnat tizimi barham topganini e’tirof etdi va bu mamlakatning xalqaro imiji hamda eksport imkoniyatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bugungi kunda islohotlar faqat paxtachilik bilan cheklanib qolmayapti. Bog‘dorchilik, sabzavotchilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklari, parrandachilik, chorvachilik va baliqchilik sohalari ham jadal rivojlanmoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda amalga oshirilgan bog‘dorchilikni rivojlantirish loyihalari natijasida 5 mingdan ortiq agrobiznes va fermer xo‘jaligi moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi, 34,5 mingdan ziyod doimiy, 22 mingga yaqin mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Loyihalar doirasida zamonaviy issiqxonalar, muzlatkich omborlari va qayta ishlash quvvatlari tashkil etilishi hosildorlikning 25–30 foizga, yalpi savdo hajmining esa 35 foizga o‘sishiga xizmat qildi.
Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning yana bir muhim jihati oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilganidir. Keyingi yillarda jahonda kuzatilgan geosiyosiy beqarorlik, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va iqlim o‘zgarishi ko‘plab davlatlarni ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishga majbur qildi. O‘zbekiston ham ichki bozorni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, eksportni diversifikatsiya qilish va tashqi bozorlarga qaramlikni kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rmoqda. Shu maqsadda intensiv bog‘lar barpo etilmoqda, urug‘chilik va ko‘chatchilik rivojlantirilmoqda, mahsulotlarni saqlash va saralash infratuzilmasi kengaytirilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish sohadagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mamlakat suv resurslarining qariyb 90 foizini iste’mol qiladi. Shu bois davlat tomonidan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish kabi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga katta subsidiyalar ajratilmoqda.
Jahon bankining 2025-yilda ma’qullangan 200 million dollarlik yangi loyihasi ham aynan sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suv yo‘qotilishini qisqartirish va energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida 259 kilometr magistral kanallar rekonstruksiya qilinib, 470 ta gidrotexnika inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Bu orqali har yili 540 million kub metr suv tejalishi va 165 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, 232 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonida suv ta’minoti sifati yaxshilanib, 180 ming nafardan ortiq suv iste’molchisiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi prognoz qilingan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish nafaqat suv sarfini kamaytiradi, balki hosildorlikni ham oshiradi. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari o‘rtacha 30 foizgacha suv tejash imkonini beradi.
Eksportni kengaytirish ham sohadagi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari bugun dunyoning o‘nlab davlatlariga eksport qilinmoqda. Logistika markazlari, muzlatkich omborlari va saralash quvvatlarining kengayishi mahsulotlarni tashqi bozorlarga sifatli yetkazib berish imkoniyatlarini oshirdi. Jahon banki ekspertlari mamlakatning iqlim sharoiti va geografik joylashuvi bog‘dorchilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha katta raqobat ustunligini ta’minlashini ta’kidlaydi. 
Shu bilan birga, tarmoqda hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar ham saqlanib qolmoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yer unumdorligini saqlash, mahsulot tannarxini pasaytirish va raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish kelgusi yillardagi asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi. Ayniqsa, sun’iy intellekt, raqamli monitoring, agrometeorologik ma’lumotlar va aniq dehqonchilik texnologiyalaridan keng foydalanish tarmoq samaradorligini yanada oshirishi kutilmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi, deyish mumkin. Klaster tizimi, eksportbop mahsulotlar yetishtirish, zamonaviy agrotexnologiyalar, suv tejovchi usullar va qiymat zanjirini shakllantirishga qaratilgan islohotlar mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fermerlar daromadini oshirish va agrar iqtisodiyot raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim omilga aylanmoqda. Keyingi yillarda ushbu islohotlarni izchil davom ettirish O‘zbekistonning mintaqada zamonaviy va yuqori samarali agrar davlat sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlashi shubhasiz.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter