Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent shahar sudlari «Shahzod-Gold» bo‘yicha bayonot berdi

Toshkent shahar sudlari «Shahzod-Gold» bo‘yicha bayonot berdi

Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi hukmi bilan jamoatchilikka «Shaxzod-Gold» nomi bilan tanish Sh. Uzoqovga tayinlangan ozodlikdan cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga o‘zgartirildi. Toshkent shahar sudlari vaziyat yuzasidan bayonot berdi

Aytilishicha, muhokamalar holat bo‘yicha kengroq axborot berishni taqazo etadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudining hukmi bilan Sh. Uzoqov (1999-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan) va N.Quldoshev (2000-yilda Qashqadaryo viloyati tug‘ilgan) bezorilik (Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3 qismining tegishli bandlari) jinoyatini sodir etishda aybdor deb topilib, ularga uch yarim yildan to‘rt yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan (2025 yil 7 noyabr). Tasdig‘ini topgan ayblovga ko‘ra, sudlanuvchilar yo‘l talash ortidan ishda jabrlanuvchi deb topilgan fuqaro bilan janjallashib kuch ishlatishadi, shuningdek, ularni ajratishga uringan yana bir fuqaroga ham qo‘l ko‘tarib, har ikkisiga tan jarohati yetkazadi va voqea joyidan yashirinadi. Ayni jarayonda jabrlanuvchining qimmatbaho uyali telefon apparatiga ham shikast yetkazilgan.

Sudlov hay’ati birinchi instansiya sudi tomonidan Sh.Uzoqovning harakati Jinoyat kodeksi 277-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari, N.Quldoshevning harakati shu moddaning 3-qismi “g” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan, deb topdi.

Biroq tayinlangan jazo turi bo‘yicha hukm bilan kelishmadi.

Sudlov hay’ati Sh.Uzoqov muqaddam ikki marta, N.Quldoshev bir marta xuddi shu toifadagi jinoyat sodir etgani uchun javobgarlikka tortilganiga e’tibor qaratib, birinchi instansiya sudi tomonidan ushbu turdagi jinoyat xarakteri va jamoat uchun xavflilik darajasi yetarlicha inobatga olinmasdan, asossiz ravishda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, degan xulosaga keldi. 

«Sudlov hay’atiga ko‘ra, sudlanuvchilarning shaxsi va ular tomonidan sodir etilgan qilmishning xususiyatiga alohida e’tibor talab etadi. Ya’nikim, sudlanuvchilar professional tarzda aralash jang san’ati (MMA) bilan shug‘ullanuvchi, maxsus jismoniy tayyorgarlikka va jang mahoratiga ega. Shundan kelib chiqib, sudlov hay’ati bunday shaxslar oddiy fuqarolarga nisbatan jismoniy ustunlikka ega bo‘lib, o‘z kuch va imkoniyatlaridan faqat qonun doirasida, sport qoidalari asosida foydalanishi lozim ekaniga e’tibor qaratdi. Sportchiga xos intizom va mas’uliyat namunalarini ko‘rsatish o‘rniga, arzimas sabab bilan janjal chiqarib, jabrlanuvchilarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini yanada oshirishi sud hujjatida alohida ta’kid etiladi.

Jinoyat kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi odilona bo‘lishi, ya’ni jinoyatning og‘ir-yengilligiga, aybning hamda shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq kelishi shart.

Shu va shu kabi qator asoslarga ko‘ra, sudlov hay’ati tomonidan birinchi instansiya sudi hukmi bekor qilinib, sudlanuvchilarga nisbatan uch yarim yil ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlandi va ular sud zalidan qamoqqa olindi. Sudlanuvchilarning qamoqda bo‘lgan davri va o‘talgan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan jazodan chegirib tashlanishi hukmda alohida belgilandi», deyiladi xabarda. 

Ushbu bayonot axborot xarakterida bo‘lib, jinoyat ishi yuzasidan Toshkent shahar sudning yakuniy xulosasi hisoblanmaydi. 

Taraflar Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring