Toshkentda yana bir «zakladka»chi qo‘lga olindi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida «zakladka» usulida narkotik moddalar tarqatish bilan bog‘liq faoliyatga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
«Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida 1993 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli avtomobil hamda uning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida 1,1 kg «Alfa-PVP», 1,9 kg marixuana, 65 gramm geroin va 16 gramm «5F-APINACA» giyohvandlik vositalari aniqlangan. Shuningdek, narkotik moddalarni qadoqlashda foydalaniladigan zip-paketlar va elektron tarozi ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida ushbu shaxsga narkotik moddalarni «zakladka» usulida tarqatish bo‘yicha topshiriq bergan, 1988 yilda tug‘ilgan va avval ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan ayol ham ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzarlik holatlariga duch kelgan taqdirda, 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter