Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar ombudsmaniga sudga murojaat qilishda imtiyoz beriladi

Bolalar ombudsmaniga sudga murojaat qilishda imtiyoz beriladi

Foto: Xabar.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Bolalar ombudsmani faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Hujjat bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Qonun loyihasiga muvofiq, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bolaga qarshi jinoyatlar haqida ma’lumot olganda jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki rad etish haqidagi qaror yuzasidan Bolalar ombudsmanini xabardor qilishi shart bo‘ladi.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, bu mexanizm sud jarayonlarida, ayniqsa voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlar bo‘yicha bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘liq himoya qilishga xizmat qiladi.

Loyihada Bolalar ombudsmanining parlament nazorati sohasidagi vakolatlari ham aniq belgilab berilmoqda. Xususan, u bola manfaatlarini ko‘zlab fuqarolik ishlari va ma’muriy sudlarga ariza, shikoyat yoki da’vo bilan murojaat qilganda davlat bojidan ozod etilishi taklif qilinmoqda.

Shuningdek, ombudsmanning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash masalasi ham hujjatdan o‘rin olgan.

Qonun loyihasida ombudsmanni saylash, uni daxlsizlik huquqidan mahrum etish va parlamentga taqdim etadigan ma’ruzasini eshitish tartibi ham nazarda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar Bolalar ombudsmani bilan majburiy kelishilishi lozim bo‘ladi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring