Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Narkolaboratoriya tashkil etganlar 10 yilgacha qamaladi

Narkolaboratoriya tashkil etganlar 10 yilgacha qamaladi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjatga muvofiq, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasidagi javobgarlik choralari takomillashtirildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi normalarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash yoki qayta ishlash maqsadida g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish alohida jinoyat sifatida belgilandi.

Mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Qonun bilan bangixona tashkil qilish yoki saqlash uchun ham jazo choralari aniqlashtirildi. Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoki tarqatish maqsadida bunday joylarni tashkil etgan shaxslar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasiga homiylik qilish uchun ham alohida jinoiy javobgarlik belgilandi.

Bunday harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.

Hujjatda kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘g‘irlik yoki firibgarlik orqali qonunga xilof ravishda egallash uchun ham javobgarlik choralari nazarda tutilgan. Bunday holatlarda aybdorlarga 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring